Rossiya Odessaga dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
13 Sentabr 2023
4926Bugun, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Odessa viloyatiga uchuvchisiz samolyotlardan zarba berdi. Bu haqda Ukraina janubidagi Mudofaa kuchlari xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hujum 4,5 soat davom etgan va mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasiga zarba berilgan.
Ukraina harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi xabariga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Odessa va Sumi viloyatlari bo‘ylab jami 44 ta uchuvchisiz samolyotni uchirgan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari 32 ta hujumchi dronni urib tushirgan.
Dron hujumi oqibatida port infratuzilmasi ob’ektlari zarar ko‘rgan va yuk mashinalari to‘xtash joyida yong‘in chiqqan.
Ukraina janubi mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, yetti nafar haydovchi turli darajadagi og‘irlikdagi jarohatlar olgan. O‘z navbatida, Odessa viloyati rahbari Oleg Kiper olti nafar tinch aholi yaralangani, shulardan uch nafari kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Rossiya Ukrainadan dunyoning boshqa mamlakatlariga don jo‘natish bo‘yicha kelishuvdan chiqqanidan so‘ng, Odessa viloyatiga uchuvchisiz samolyotlar va raketa hujumlarining intensivligini oshdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuniga o‘tar kechasi Odessa, Kiyev, Krivoy Rog va Ukrainaning boshqa viloyatlarida portlashlar sodir bo‘lgandi.