Prezident farmoniga muvofiq yangi qo‘mita tashkil etildi

Jamiyat

image
Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirganlarni talabalikka qabul qilish shartlari belgilandi north_east

Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirganlarni talabalikka qabul qilish shartlari belgilandi

So‘xlik bloger ozod etildi north_east

So‘xlik bloger ozod etildi

Pandemiya vaqtida eng ko‘p foyda ko‘rgan milliarderlar ma’lum bo‘ldi north_east

Pandemiya vaqtida eng ko‘p foyda ko‘rgan milliarderlar ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda pillachilik va qorako‘lchilik tarmoqlarining mavjud salohiyatini har tomonlama ishga solish hamda ishlab chiqarish korxonalarining rentabelligini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu sohalarni qayta tiklash va rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur tarmoqlardagi infratuzilma resurslaridan samarali foydalanilishini ta’minlash, nasl ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faoliyatni kuchaytirish talab etilmoqda.

Pillachilik va qorako‘lchilikni jadal rivojlantirishni ta’minlash, pillachilik va qorako‘lchilik klasterlarini tashkil qilgan holda xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

2021 yil 1 iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shohli nasldor mollarni ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, teri va junni qayta ishlash, go‘sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha qorako‘lchilik klasterlari (keyingi o‘rinlarda – klasterlar) tashkil qilinadi;

klasterlarga qorako‘l zotli qo‘ylarini boqishga mo‘ljallangan, shu jumladan, o‘rmon bilan qoplanmagan o‘rmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga beriladi;

klasterlarga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shohli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar yuklanadi;

klasterlar Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

2021 yil 1 yanvardan boshlab klasterlarga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tfadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4567-son qarori 2-bandida nazarda tutilgan 120 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalar berish tartibi qo‘llaniladi;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) a’zolari – klaster ishtirokchilariga mayda shohli nasldor mol xarid qilish va ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, ozuqa bazasini yaratish, yarim tayyor va tayyor, shu jumladan, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish, teri va junni qayta ishlash hamda binolarni rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2020-2023 yillarda ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, loyihalar hajmi, soni va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan valyuta turidan qat’i nazar, tijorat banklari tomonidan o‘rnatilgan foiz stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiyalar beriladi;

Uyushma a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birga 2021 yil 1 iyulga qadar tashkil etilayotgan klasterlarga ozuqa bazasini yaratish uchun foydalanishga kiritilayotgan qishloq xo‘jaligi maydonlaridan 1-ilovaga muvofiq ajratib berilishini ta’minlasin.

3. Moliya vazirligi 2020 yil 1 oktyabrga qadar Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi huzuridagi Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 avgustdagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4420-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning qolgan qismini ajratsin.

4. 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida qorako‘lchilikni rivojlantirishning maqsadli parametrlari 2–2.13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) tashkil etilsin.

Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifasi etib belgilansin:

•    pillachilik va qorako‘lchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni ta’minlash;
•    tut plantatsiyalari va yaylovlarning qat’iy hisobini yuritish va fondini o‘rganish, shuningdek, pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;
•    ipak qurti va qorako‘l zotli qo‘ylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;
•    pilla va qorako‘l terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
•    marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ipak va qorako‘ldan tayyorlangan mahsulotlarni eng avvalo tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish;
•    pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish;

6. Belgilansinki:

a) qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan barcha yaylovlar Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkaziladi;

b) yaylovlar klasterlarga Qo‘mita tomonidan mustaqil ravishda, shu jumladan, nol stavkada ijaraga beriladi;

v) o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlaridagi yaylovlar keyinchalik Qo‘mita tomonidan klasterlarga, shu jumladan, nol stavkada ikkilamchi ijaraga berish uchun O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 3-ilovaga muvofiq Qo‘mitaga nol stavkada ijaraga beriladi;

g) quyidagilar klasterlarni tashkil qilish shartlari hisoblanadi:

Qo‘mita, tashabbuskor hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida tashabbuskorga yaylovni ijaraga berishni, shuningdek, tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuzilishi;

tashabbuskor tomonidan yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llagan holda mayda shohli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xomashyoni chuqur qayta ishlashni va mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha majburiyatlar qabul qilinishi;

d) naslchilik chorvachilik sub’ektlarini davlat attestatsiyasidan o‘tkazish va naslchilik chorvachilik xo‘jaligi maqomi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish qorako‘lchilikka taalluqli qismida Qo‘mita bilan birgalikda amalga oshiriladi.

7. Qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan Yaylovlarni xatlovdan o‘tkazish va holatini o‘rganish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Komissiya 2020 yil 15 oktyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan mavjud yaylovlar Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkazilishini ta’minlagan holda, yalpi xatlovdan o‘tkazsin.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qo‘mitaning doimiy egaligiga berilayotgan yaylovlarning kadastr pasportlari tayyorlanishini va kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini to‘lov undirilmasdan ta’minlasin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2020 yil 1 noyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan yaylovlarni xatlov natijalari yakunlariga ko‘ra Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkazsin.

8. Quyidagilar:

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ixtiyoridan;

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti –Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ixtiyoridan;

Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – “O‘zchorvanasl” agentligi ixtiyoridan Qo‘mitaga o‘tkazilsin.

9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Jahon bankining amalga oshirilayotgan loyihasi (15 million yevro) va Fransiya taraqqiyot agentligi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi (16 million yevro) doirasidagi ikkita grant liniyalari yuqorida ko‘rsatilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnika bazasi, laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularga xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga yo‘naltirilishini ta’minlasin.

10. Qo‘mita Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublika viloyatlarida tashkil qilinayotgan, qishloq xo‘jaligidagi bilim va innovatsiyalar tizimini o‘z ichiga olgan Agroxizmatlar markazlari bilan chuqur integratsiyalashuvini;

pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga Agroxizmatlar markazlari orqali bilimlar berish, ularni ilmiy-amaliy qo‘llab-quvvatlash va xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etilishini ta’minlasin.

11. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipak (TIF TN kodi – 5002 va 5003) ni olib chiqishda 2021 yil 1 yanvardan e’tiboran olib chiqiladigan ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipakning har bir kilogrammi uchun 0,05 AQSH dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

12. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Pillachilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilinsin va O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipak (TIF TN kodi – 5002 va 5003) ni olib chiqishda undiriladigan yig‘imlardan to‘liq hajmdagi tushumlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uning mablag‘larini shakllantirish manbai etib belgilansin.

13. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Qo‘mita boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti filiallarida qorako‘lchilik sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha maxsus yo‘nalishlar ochishni nazarda tutsin;

Samarqand veterinariya va meditsina texnikumida mayda shohli mollarni ko‘paytirish hamda ipak qurti yetishtirish bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini ta’minlasin;

Marg‘ilon shahridagi 1-son kasb-hunar maktabida ipak qurti yetishtirish, xom ipakni qayta ishlash va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini ta’minlasin;

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti ularga mayda shohli mollarni va ipak qurtini ko‘paytirish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilishda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish vazifasini yuklagan holda tegishincha Samarqand veterinariya va meditsina texnikumiga va Marg‘ilon shahridagi 1-son kasb-hunar maktabiga biriktirilsin.

14. Ushbu Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

2020 yil 1 noyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan mavjud yaylovlarni yalpi xatlovdan o‘tkazishda Komissiyaga ko‘maklashsin;

yaylovlar o‘z vaqtida Qo‘mitaning doimiy egaligiga o‘tkazilishini hamda ozuqa bazasini yaratish uchun klasterlarga yer uchastkalari ajratilishini ta’minlasin;

b) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2020 yil 1 noyabrga qadar ushbu Farmonning 3-ilovasida nazarda tutilgan yaylovlar nol stavkada ijaraga berilishini ta’minlasin;

v) Qo‘mita 2021 yil 1 iyulga qadar:

klasterlar tashkil qilish va ularga yaylovlarni ijaraga berish uchun tashabbuskorlarni, shu jumladan, chet ellik tadbirkorlar orasidan tanlab olsin;
ishtirokchilarning klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq majburiyatlarini belgilagan holda, tashabbuskorlar hamda Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan shartnomalar tuzsin;

klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalari o‘rnatilishini ta’minlasin;

olis cho‘l hududlarida mayda shohli nasldor mollarni sug‘orish uchun mavjud inshootlar (tik va shaxtali quduqlar)ni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlasin.

15. Qo‘mita bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari (shu jumladan, ipak momig‘i) va xom ipakni olib chiqish ustidan monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 2 sentyabr

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

31

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing