O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lganlar jasadi kuydiriladimi?
Jamiyat
−
20 iyun 2020
73274O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinib, vafot etganlarning jasadi ba’zi davlatlarda bo‘lgani kabi kuydirilmaydi. Islom urf-odatlariga ko‘ra dafn qilinadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov brifing vaqtida ma’lum qildi.
Botir Qurbonov shu masaladagi savolga javob berib, koronavirusdan vafot etgan fuqarolar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining mutaxassislari ishtirokida dafn etilishini aytib o‘tdi.
“COVID-19 koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan va ushbu kasallikdan vafot etgan bemorlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining mutaxassislari ishtirokida qat’iy sanitariya-gigiyena talablari asosida hamda zararsizlantirish olib borilib Islom dini urf-odatlari bo‘yicha dafn etilmoqda”, dedi Qurbonov.
Botir Qurbonov xorijda boshqa kasallikdan vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingach, qanday dafn etilishiga ham aniqlik kiritdi.
“Ushbu holatda xaqiqatda COVID-19 mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etilsa dafn marosimlari odatdagi tartibda amalga oshirishi mumkin”, dedi agentlik mas’uli.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 19 nafarga bemor vafot etgan.
LiveBarchasi