Amaldorlarning nutq madaniyatini oshirish uchun Toshkentda yangi markaz ochildi

Jamiyat

image

Kecha, 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti OTMlarda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ushbu fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch OTM etib belgilandi.

Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda hududlardagi davlat universitetlari va pedagogika institutlari huzurida bo‘linmalarga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.

Davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha kurslar tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, hokimliklar va xo‘jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o‘qitiladi.

Ishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

•    davlat universitetlari va pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat yo‘nalishida sirtqi va kechki ta’lim shakli tashkil etiladi;
•    universitetda  “Sinxron tarjima” va  “Kompyuter lingvistikasi” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Shuningdek, 2020 yildan boshlab "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiyasi tanlovlarini o‘tkazishda o‘zbek tili metodikasi sohasi inobatga olinadi.

2019 yilda ko‘plab vazirlar, hokimlar, deputatlari va siyosiy partiyalar rahbarlari matbuot anjumanlaridagi nutqi davomida bir necha bor "qovun tushirdi". Shu bois QALAMPIR.UZ bir necha oy avval davlat xizmatchilarining nutq madaniyati va etikasini oshirish bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing