Avgust oyida “Sharq taronalari” musiqa festivali o‘tkaziladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26 fevral kuni “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Dunyo xalqlari o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, musiqa san’ati an’analarini asrash va rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirishga qaratilgan ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan, YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan musiqa olamining yirik forumi sifatida e’tirof etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining nufuzini yanada oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini (keyingi o‘rinlarda Festival deb yuritiladi) o‘n ikkinchi marta 2019 yilning 26-30 avgust kunlari o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Festivalni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. Tashkiliy qo‘mita (A.N.Aripov) Festivalni 2019 yilda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida:

ikki hafta muddatda “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2019 yil 1 aprelga qadar Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar smetasini tasdiqlasin;

Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bosh direksiyasi Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda:

Festivalga mahalliy va xorijiy davlatlardan musiqashunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlarni taklif etish choralarini ko‘rsin;

Festival doirasida “Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi, unda xorijlik va mahalliy taniqli musiqashunos olim va mutaxassislar hamda tadqiqotchilarning o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishlarini ta’minlasin;

Festival nufuzini yanada oshirish, dunyo hamjamiyati e’tiborini O‘zbekiston musiqa madaniyatiga jalb qilish maqsadida Festival doirasida xorijlik mutaxassislar ishtirokida maxsus davra suhbati, taqdimot va mahorat darslarini o‘tkazsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Festivalga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 2019 yil 1 iyunga qadar:

xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturini;

Festivalda ishtirok etadigan xorijlik va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ro‘yxatini;

Festivalning tantanali ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi hamda badiiy dasturlarini;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan birgalikda Festivalning logotipi va sovrindorlar uchun beriladigan haykalchasi loyihasini ishlab chiqib, Tashkiliy qo‘mitaga tasdiqlash uchun kiritsin.

8. Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:

70 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun har yili nazarda tutiladigan byudjet mablag‘lari doirasida;

30 foizi – Samarqand viloyati mahalliy byudjeti, homiylik xayriya mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

9. Samarqand viloyati hokimligi 2019 yil 20 iyulga qadar Samarqand shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi, Festival o‘tkaziladigan sahna va maydonlar talab darajasida tayyorlanishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand shahri telekommunikatsiya tarmoqlarini Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish talablariga moslashtirish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Festivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Madaniyat vazirligining viza talabnomalariga binoan O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

12. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bosh direksiyasi xorijiy davlatlardagi xalqaro san’at festivallari tashkilotlari hamda markazlari bilan muntazam ravishda ijodiy hamkorlik o‘rnatsin.

13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga 2019 yil 1 maydan boshlab Festivalni keng targ‘ib etishga qaratilgan ijtimoiy reklama roliklari va matnlarini televideniye va boshqa axborot vositalarida joylashtirish hamda Festivalni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi uch oy muddatda madaniyat va san’at sohasidagi xalqaro festival va anjumanlarni yuqori saviyada o‘tkazish va bunday tadbirlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 15 iyundagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ–103-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev 

Toshkent shahri,
2019 yil 26 fevral

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident qarori Sharq taronalari

Baholaganlar

16

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing