Qirg‘izistonda “Hizb ut-Tahrir” a’zolari qo‘lga olindi

Olam

image

Bugun, 2 mart kuni Qirg‘izistonda maxsus xizmat xodimlari tomonidan “Hizb ut-Tahrir” terrorchilik tashkilotining uch nafar a’zosi qo‘lga olindi. Bu haqida mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Mamlakatda diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyatini to‘xtatish chora-tadbirlari davomida "Hizb ut-Tahrir" radikal-ekstremistik tashkilotining a’zolari hibsga olindi. Ular Qirg‘iziston fuqarolari – 1993 yilda tug‘ilgan K.E.M, 1995 yilda tug‘ilgan, qo‘shni davlat fuqarosi O.U.Sh va 1986 yilda tavallud topgan Yu.R.Olar bo‘lgan”, deyiladi matbuot xizmati ma’lumotida.   

Davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning yashash joyini tekshirish natijasida diniy adabiyotlar, shuningdek, audio va video qurilmalar topilgan. Ayni paytda diniy ekspertiza o‘tkazilmoqda.

Hozirda ushlanganlar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Ularga nisbatan irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni qo‘zg‘ash, shuningdek, ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatish ayblovi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, Joriy yilning 26 fevral kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida yashirin faoliyat olib borgan xalqaro terroristik tashkilot va ekstremistik oqim yollovchilarining g‘oyaviy ta’siriga tushgan bir guruh shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

106

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing