Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

Jamiyat

image

2019 yil 3 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi ish boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati yakunlangan birinchi ish kuni bo‘yicha OAV uchun maxsus Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborotini e’lon qildi. Quyida uning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan keyin senatorlar ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga kirishdilar.

Senatorlar ishni “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qilishdan boshladilar. Hujjat davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Qonunda davlat-xususiy sheriklikning ushbu sohadagi asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari belgilanmoqda, davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish shartlari va tartibi keltirilmoqda. Jumladan, qonunga binoan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati 49 yilni tashkil etadi.

Qonunda xususiy sherik tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida saralab olinishi nazarda tutilmoqda. Bunda bir bosqichli va ikki bosqichli tender o‘tkazish tartibi belgilanmoqda: umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha bir bosqichli tender o‘tkaziladi, umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha ikki bosqichli tender o‘tkaziladi (u dastlabki malakani aniqlash va tender g‘olibini saralash bosqichlarini o‘z ichiga oladi).

Qonun muhokamasida ta’kidlanganidek, davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlashda, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning zaruriy sharti hisoblangan intellektual faoliyat natijalariga doir mutlaq huquqlar, boshqa mutlaq huquqlar, yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mol-mulk ob’ekti va o‘zga mol-mulk muayyan shaxsga tegishli bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan hollarda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni davlat sherigining qaroriga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tender o‘tkazmasdan tuzish mumkin.

Bundan tashqari, qonunda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring va hisobdorlik tartibi, davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilanmoqda.

Davlatning mablag‘ (grantlar, subsidiyalar) bilan ishtirok etishi, soliqqa oid va boshqa imtiyozlar, aktivlar, qarzlar tarzidagi qo‘yilmalar, davlat kafolatlari uning asosiy turlari hisoblanadi. Qonun mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimlarga va davlat xaridlari sohasiga tatbiq etilmasligi nazarda tutilmoqda.

Qonun ijtimoiy muhim vazifalarni o‘zaro foydali shartlar asosida hal qilish uchun davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Hujjat urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Qonunda yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar – Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, “Yergeodezkadastr” qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasining asosiy vazifalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi va xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi tartibga solinmoqda. Yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan binolar va inshootlar, ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur o‘lchamlardagi yer uchastkalari, yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Qonunga ko‘ra tasdiqlangan va e’lon qilingan rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda, foydali qazilmalar konlari joylashgan yer uchastkalari, davlat mulkidagi strategik ob’ektlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, o‘rmon va suv fondlarining yerlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Bunda qonunda belgilab qo‘yilishicha, chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar (norezidentlar), fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar Yer kodeksida va xalqaro shartnomalarda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas. Qonun normalarida yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, qonunda mustahkamlab qo‘yilishicha, xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi ob’ektlari hisoblanadi, xususiy mulk huquqi esa daxlsizdir va u davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi. Hujjatda xususiylashtirilgan yer uchastkasini olib qo‘yishga faqat mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ushbu yer uchastkasiga qaratilganda, shuningdek, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi. Natsionalizatsiya qilish faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida amalga oshiriladi, bu tomonlar o‘rtasida teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan vaqtinchalik olib qo‘yilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin. Senatorlar qonunni ma’qulladilar.

So‘ngra “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni senatorlar tomonidan muhokama etildi.

Qonunda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda, u quyidagilardan iborat: sohadagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va davlat dasturlarini qabul qilish; mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlash, yoqilg‘i-energetika balansining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr, issiqlik energiyasi va biogaz ishlab chiqarishga doir qismini diversifikatsiyalash; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalarni, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya samaradorligini oshirish, ularni ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliylashtirishni rag‘batlantirish.

Shuningdek, davlat organlari – Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, ushbu sohadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarning huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari nazarda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalariga (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) mol-mulk solig‘ini to‘lashdan va ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga ozod etish shaklida imtiyozlar va preferensiyalar beriladi. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarga realizatsiya qilinadigan energiya hajmlari bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, qonunda belgilab qo‘yilishicha, amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslarga egaligidagi mol-mulk muqobil energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddat jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va biogaz ishlab chiqarishda biogazni biomassadan shaxsan foydalanish uchun ishlab chiqarish chog‘ida ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar blok-stansiyalar shartlari asosida yagona elektr energetikasi tizimi tarmoqlariga ulanishi mumkin, ushbu manbalardan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarga esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hududiy va magistral issiqlik tarmoqlariga ulash taqiqlanadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash masalalari ham nazarda tutilmoqda.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirishga, ishlab chiqarishga energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlar to‘liq bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin parlament a’zolari “Yaylovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan bu sohadagi davlat siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda: davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish; yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan qoidalar, normalar va normativlarni belgilash; davlat nazoratini amalga oshirish; yaylovlardan oqilona foydalanishni, ularni muhofaza qilishni, takror ko‘paytirishni va tiklashni ta’minlash; ilmiy-tadqiqot faoliyatini va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Muhokama chog‘ida senatorlarning e’tibori davlat organlarining bu sohadagi vakolatlariga qaratildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi, davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi, yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibini tasdiqlaydi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi, yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini tasdiqlaydi va hokazo. “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi kabi tuzilmalar davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda, pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini belgilashda, chorva mollarini o‘tlatish uchun uchastkalar berilishini ta’minlashda, o‘rmon fondi yerlarida yaylovlar monitoringini o‘tkazishda ishtirok etadi.

Shuningdek, qonunda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil etishdagi ishtiroki mexanizmlari mustahkamlanmoqda, xususan, ular yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadi hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Yaylovlardan foydalanish tartibi ham belgilanmoqda, ular yuridik va jismoniy shaxslarga davlat hokimiyati organlarining qaroriga ko‘ra doimiy egalik qilishga, ijaraga va vaqtincha foydalanishga beriladi, o‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining ruxsatnomasi bo‘yicha foydalaniladi.

Qonunga muvofiq yaylovlardan foydalanuvchilar yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarga muvofiq chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish, yaylov infratuzilmasini barpo etishga doir ishlarni amalga oshirish, yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmasini tuzish huquqiga ega. Ular o‘z navbatida yaylovlardan ularning belgilangan maqsadiga ko‘ra oqilona foydalanishi, yaylov o‘simliklarini takror ko‘paytirishga ko‘maklashishga, o‘simlik qoplamini tiklashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart.

Bundan tashqari, qonun bilan yaylovlarni muhofaza qilish, takror ko‘paytirish va tiklash masalalari tartibga solinmoqda. Jumladan, yaylovlarni muhofaza qilish yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash qoidalari hamda normativlari, cheklovlar va taqiqlar belgilash, yaylovlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning oldini olish va ularga barham berish, inventarizatsiyadan o‘tkazish, yaylovlarning geobotanik jihatdan tekshirilishini amalga oshirish, monitoringini yuritish, yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash ustidan nazoratni amalga oshirish yo‘li bilan ta’minlanadi. Yuridik va jismoniy shaxslar zimmasiga yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash yuklanadi.

Qayd etilganidek, qonunning qabul qilinishi aholi uchun, shuningdek, eksport qilish uchun oziq-ovqat tovarlari, go‘sht-sut mahsulotlari zaxirasini oshirish maqsadida yaylovlardan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini va yangi imkoniyatlarni yaratishga ko‘maklashadi. Senatorlar qonunni ma’qulladilar.

So‘ngra Senat a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekistonRespublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni, ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilganlik uchun jarimalar miqdorini oshirishni, daraxtlar, butalarni, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilganlik uchun jarimalar miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bundan tashqari, o‘rmonlarni tiklash qoidalarini buzganlik, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni yig‘ganlik, o‘rmon uchun foydali faunani yo‘q qilib yuborganlik, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan ov qilish va baliq tutish qoidalarini, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ov qilish va baliq ovlashda taqiqlangan qurollarni yoki vositalarni tayyorlaganlik, olib kirganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki yuborganlik, olganlik yoxud sotganlik, hayvonlar yashaydigan muhitni muhofaza qilish qoidalarini, zoologik va botanik kolleksiyalarni vujudga keltirish va ular bilan savdo qilish qoidalarini buzganlik, xuddi, shuningdek, hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirganlik, iqlimlashtirganlik yoki chatishtirganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 fevraldagi qarorining 8-bandiga muvofiq soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelganlik jinoiy va ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 5 fevraldagi qaroriga muvofiq Iqtisodiy protsessual kodeksga iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beradigan tartib joriy etishni, sud muhokamasini qoldirishlarning maksimal miqdorini belgilashni (3 marta), shu jumladan, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamasini qoldirishlarning (10 kun) va tanaffuslarning (3 marta) maksimal muddatini belgilashni, shuningdek, faqat kutilmagan sabablar va favqulodda holatlar yuz berganda sud muhokamasini qoldirish yoki tanaffus e’lon qilish mumkin bo‘lgan hollarni aniqlashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, qonunning qabul qilinishi Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisoboti ko‘rsatkichlarida nazarda tutilgan shart-sharoitlar mamlakatimizda tezroq joriy etilishini ta’minlaydi va yakunida qulay investitsiya muhitini shakllantirishga va ushbu reytingda O‘zbekistonning o‘rnini oshirishga ko‘maklashadi. Senatorlar qonunni ma’qulladilar.

So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga muvofiq bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga va Byudjet kodeksiga tahririy o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bundan tashqari, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oylik ish haqining eng ko‘p miqdorini eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n baravarigacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun ham yangi norma bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar ham O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

“Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (Stokgolm, 2001 yil 22 may) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (Stokgolm, 2001 yil 22 may) ratifikatsiya qilish Preferensiyalar bosh tizimi “PBT+” doirasida mamlakatimiz tovarlarini Yevropa bozoriga yetkazib berishda O‘zbekiston qo‘shimcha tarif preferensiyalarini olishi uchun YeI shartlaridan biri hisoblanadi. Konvensiya qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoatida foydalaniladigan hamda inson sog‘lig‘i hamda yer va suv resurslari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan 26 ta eng xavfli kimyo birikmasini ishlab chiqarishni va ulardan foydalanishni taqiqlaydi yoki ancha cheklaydi.

Qayd etilganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasidan Konvensiya kotibiyatiga xavfli kimyoviy moddalarning mavjud hajmlari to‘g‘risida axborot taqdim etishni, turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar muomalasini taqiqlash yoki cheklashni, shuningdek, Konvensiya kuchga kirganidan keyin 2 yil davomida ishlab chiqiladigan Milliy harakatlar rejasiga muvofiq ularni ekologik xavfsiz olib tashlashni talab qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on shaharchasini G‘ozg‘on shahri etib o‘zgartirish, G‘ozg‘on shahrini viloyat buysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taklifiga binoan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Senatorlar “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Hisobot davrida iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlariga, makroiqtisodiy barqarorlikka va xorijiy investitsiyalarning keng jalb etilishiga erishilganligi ta’kidlandi. 2019 yilning birinchi choragida Davlat byudjeti daromadlari 23 trillion so‘mni, xarajatlar 24,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkichlar tegishli ravishda 1,6 va 1,7 baravar oshdi.

Hisobot davrida ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini oshirish, odamlarning ishonchli ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yil boshidan umumiy summasi 341,2 million so‘mlik 32 ta sanoat ob’ekti va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirildi, 1806 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Qishloq aholi punktlarida muhandislik va transport kommunikatsiyalarini, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish ishlari olib borildi. Jumladan, bu yili 15 635 ta kvartiraga mo‘ljallangan qishloq joylarda 15 010 ta, shaharlarda 355 ta arzon ko‘p qavatli uy barpo etish ishlari yuqori sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Hisobotni muhokama qilish chog‘ida senatorlar Davlat dasturi monitoringi natijalariga e’tibor qaratdilar. Masalan, amalga oshirilishi nazarda tutilgan 63 ta bandning 46 tasi to‘liq bajarilgan, 11 ta band bo‘yicha tadbirlar hali o‘tkazilmoqda, 6 ta band bo‘yicha esa ishlarni bajarish muddatlari uzaytirildi.

Xususan, joriy yil 1 martgacha hokimiyatning vakillik organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida “Elektron parlament” tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Shu munosabat bilan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ish belgilab olindi. Biroq Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mablag‘lar ajratilmaganligi tufayli ishlar amalda deyarli boshlanmadi.

Bundan tashqari, Dasturning 130-bandida 1 martga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etiladigan texnologik uskuna va xomashyo ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan. Bu juda muhimdir, chunki mamlakatimizda ichki bozorni sifatli mahsulot bilan to‘ldirish va eksportni rivojlantirish uchun yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini keng joriy etish jarayoni davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan hisobotda bu bandning bajarilganligi qayd etilgan. Biroq monitoring Davlat dasturining mazkur bandi bugungi kunda ijro etilmaganligini ko‘rsatdi.

Dasturning 153-bandida sanitariya-epidemiologiya xizmatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini 15 fevralgacha tayyorlash qayd etilgan edi. Bu samarasiz sanitariya-gigiyena laboratoriyalarini maqbullashtirish va ularning negizida zamonaviy tumanlararo laboratoriyalar tashkil etishga, vaksinalar omborlarini, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarini ta’mirlash va qayta qurishga, huquqni himoya qilish organlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida yuqumli kasalliklar hamda ommaviy zaharlanishlarga doir axborot almashish bo‘yicha yagona dasturni ishlab chiqishga imkon bergan bo‘lar edi. Muhokama chog‘ida Davlat dasturining boshqa bandlarining ham bajarilmaslik sabablari tahlil qilindi.

Amaliy muhokama davomida mas’ul vazirliklar, idoralar va viloyat hokimliklari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali aholini, ayniqsa, yoshlarni Davlat dasturi ijrosining borishidan xabardor qilish samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish zarurligi to‘g‘risida aniq takliflar aytildi.

Eshituv yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2018 yildagi faoliyati bu sohani tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan strategik maqsadli yo‘nalishlarga muvofiq amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Xususan, kuchli inflyatsiya bosimi sharoitida mamlakat bank tizimining yuqori bo‘g‘ini bo‘lgan Markaziy bank tomonidan narxlarning o‘zgarmasligini ta’minlashga qaratilgan pul-kredit siyosatini va tegishli mexanizmlarni takomillashtirishga doir chora-tadbirlar natijasida yillik hisob-kitobda inflyatsiya darajasini yil boshidagi 20,1 foizdan yil oxirida 14,3 foizgacha kamaytirishga erishildi.

Shuningdek, inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish ishlari faol amalga oshirilmoqda, alohida jarayonlarni tahliliy yuritish va prognozlashtirish tizimi joriy etildi, pul-kredit sohasida olib borilayotgan ishlar mohiyati, maqsadlari va natijalari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Prudensial nazoratning zamonaviy mexanizmlari – xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan stress-test modellar ishlab chiqildi va joriy etildi. Bank tizimida davlat ulushini kamaytirishga qaratilgan tayyorlov ishlari doirasida davlat ulushiga ega banklar faoliyatiga zamonaviy boshqaruv prinsiplarini joriy etish bo‘yicha aniq maqsadli tadbirlar o‘tkazildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyot uchun ajratilgan kreditlarning umumiy miqdori 100,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Ularning YAIMdagi ulushi 16,3 foizdan 24,7 foizgacha oshdi. Kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar va ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, bandlikka ko‘maklashish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida berilgan kreditlar hajmi 15,4 trillion so‘mni tashkil etdi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida bank tizimining moliyaviy barqarorligini rivojlantirish va ta’minlash bo‘yicha tadbirlar moliya muassasalarining faoliyatini bozor tamoyillari asosida xususiy va xorijiy kapital ishtirokini kengaytirish orqali tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va raqobat muhitini yaxshilashga qaratildi. Natijada tijorat banklarining umumiy kapitali 29 foizga yoki 6 trillion so‘mga oshdi, 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 26,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda ustav kapitali hajmi 21 foizga oshdi va 19,7 trillion so‘mni tashkil etdi. O‘z navbatida, banklar umumiy kapitali oshishi va bazaviy resurslar mustahkamlanishi iqtisodiyot real sektorining sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.

Shu bilan birga, majlisda Markaziy bank 2019 yilda bank tizimini isloh qilish va moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish yo‘nalishida banklarning ustav kapitalida davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishi, xususiy va xorijiy kapital ishtirokini kengaytirishi, tijorat banklari, bank bo‘lmagan kredit tashkilotlarining to‘laqonli faoliyatini bozor tamoyillari asosida ta’minlashi zarurligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi. Ko‘rsatiladigan xizmatlar qamrovini ilg‘or moliyaviy texnologiyalar asosida yanada kengaytirishga, banklararo to‘lov tizimi barcha mijozlar uchun uzluksiz ishlashini ta’minlashga, mijozlar va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va moliyaviy savodxonligini oshirish orqali xizmatlardan hamma foydalanishiga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

4

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing