XQQ raisligidan ketgan Bositxonova yangi lavozimda ish boshladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani, ushbu farmonga binoan Bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, tegishli hokim o‘rinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qo‘mitalari raisi lavozimlari tugatilgani haqida xabar bergan edik. 

Shu munosabat bilan bugungacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Xotin qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Elmira Erkinovna Bositxonovna yangi lavozimga tayinlandi. U Prezident farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga mas’ul hisoblanadi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga raislikni ham bajaradi.  

Ma’lumot o‘rnida, Elmira Bositxonova 1958 yil 10 noyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan.

1981 yil Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)ni tamomlagan.

1981-2011 yillarda shifokor-interni, shifokor-ordinator, anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi mudiri, Toshkent shahar tez yordam klinik shifoxonasi Bosh shifokori lavozimlarida ishlagan.

2011-2016 yillar davomida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga raislik qilgan.

2017-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.

2004-2011 yillarda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati bo‘lgan.

O‘zbekiston Republikasi Prezidentining tavsiyasi asosida 2019 yilning iyunidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta tayinlangan.

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Senat a’zosi etib tayinlangan.

1998 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi, 2014 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. 

Oilali, 4 nafar farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari vazifalari yuklangani, Botir Parpiyev esa vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik. 


Maqola muallifi

Teglar

Elmira Bositxonova

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing