Prezident suv toshqini talafotini bartaraf etish rejasini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

Prezident Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan Sardoba tumanidagi Navoiy mahallasini borib ko‘rdi.

Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Prezident mahalla bo‘ylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qat’iy sanitar-epidemiologik nazoratni ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin o‘z mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda bo‘lib, talafot ko‘rgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama ko‘mak berilishini ta’kidladi.

"Shunday og‘ir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, o‘t o‘chirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, ta’mirlash  va yangi uylar barpo etish bo‘yicha xalq bilan masalahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qo‘yamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, o‘zlaringiz sog‘-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Ko‘ngilni to‘q qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor bo‘lsin, oxirgi ko‘rganimiz shu bo‘lsin", dedi Prezident.

Shundan so‘ng davlat rahbari Oqoltin tumanidagi Shodlik mahallasi va Mirzaobod tumanidagi Haqiqat mahallasi tutash hududda ham bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Sardoba

Baholaganlar

252

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing