Server Jeparov o‘g‘li bilan 14 kunni O‘rtasaroydagi karantin zonasida o‘tkazdi

Sport

image

O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish chora-tadbirlari doirasida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida maxsus shifoxona qad rostladi. Unda xorijdan kelgan o‘zbekistonlik fuqarolar maxsus konteynerlarda 14 kunlik karantinda bo‘lishadi. Tataristonning Qozon shahridan o‘g‘li Rauf Jeperov bilan Toshkentga qaytgan Server Jeparov ham manu shu joyda karantinda bo‘ldi. Ota-bolada virus aniqlanmagach, ularga javob berildi.

Futbolchi maxsus shifoxonada o‘tgan 14 kunlik hayotini va kechinmalarini Instagram’dagi o‘z sahifasida yozib qoldirdi. 

“COVID-19. Maxsus jihozlangan konteynerda 14 kunlik karantin.

 O‘z xalqiga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga tashakkur. Shaxsan mening fikrimga ko‘ra, konteynerlar karantin vaqtida zarur bo‘ladigan barcha narsalar bilan jihozlangan.

4 kishi yashadik. Ikki o‘rinli yotoqning matraslari va to‘shamlari toza edi.

Televizor, konditsioner, hojatxona, hammom, issiq-sovuq suv, telefon, suv qaynatuvchi choynak, quruq choy va piyolalar. Gigiyena vositalari, tish yuvish pastasi va cho‘tka, niqoblar, qo‘lqoplar, sovun, shampunlar. Chelak, tozalash ishlari uchun latta”, deb yozadi futbolchi ijtimoiy tarmoqda.

Server Jeparovning ma’lum qilishicha, kuniga uch mahal ovqat: kotletlar, tovuqlar, guruch, grechka, perlovka, makaronlar, palov, suv, salatlar, olmalar, mandarinlar berilgan. Bir marta ishlatiladigan idishlardan foydalanilgan. Desertga choy va shirin pishiriqlar tortilgan. Nonushtaga esa, yogurt, tuxum, bo‘tqa, saryog‘, pishloq va sosiska berilgan. 

“Xodimlarga, bizdan testlarni olgan shifokorlarga, 14 kun davomida biz bilan bo‘lgan har bir kishiga kundalik muammolarni hal qilgani uchun chin dildan minnatdorchilik bildirmoqchiman, bu haqiqatan ham qahramonlikdir.

Biz buni uddaladik, bu oson bo‘lmadi. Prezidentimiz va uning jamoasiga yana bir bor minnatdorchilik bildiramiz. Endi o‘g‘lim va men uy karantinidamiz”, degan Server Jeparov.

Ma’lumot o‘rnida, asli chirchiqlik bo‘lgan Server Jeparov Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi, O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchisi hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, koronavirusga chalinganlar 896 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 66 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Server Jeparov

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing