Prezident “Obod qishloq” dasturiga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 fevral kuni “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

2018 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida respublikaning 159 ta tumanidagi 417 ta qishloqning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash va hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida ulardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi PF-5386-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, 2019 yilda “Obod qishloq” dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) doirasida har bir tumanda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlash, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirish va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:

1. 2019 yilda Dastur doirasida quyidagilar:

mamlakatimizning 159 ta tumanida 1,6 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan 478 ta qishloqda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining asosiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun sarflanishi rejalashtirilgan 4,8 trillion so‘m miqdoridagi xarajatlarning moliyalashtirish manbalari 2-ilovaga muvofiq;

umumiy uzunligi 5 476 kilometrdan iborat mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar)ni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari 3-ilovaga muvofiq;

1,3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan qishloqlarni obodonlashtirish chora-tadbirlari 4-ilovaga muvofiq;

36 mingdan ortiq hamda umumiy uzunligi 2 458 kilometr bo‘lgan tungi ko‘cha yoritish hamda 21 ta aloqa tizimini yaxshilash chora-tadbirlari 5-ilovaga muvofiq;

aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, xususan 556 ta avtobekat qurish hamda umumiy qiymati 46,3 milliard so‘mlik 189 ta zamonaviy avtobuslar xarid qilish bo‘yicha chora-tadbirlar 6-ilovaga muvofiq;

ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 219 kilometr yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshootini qurish, 729 kilometr tarmoqlar hamda 163 ta suv inshootlarini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari 7-ilovaga muvofiq;

361 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan elektr va gaz ta’minoti tizimini yaxshilash chora-tadbirlari 8-ilovaga muvofiq;

214,2 mingta yakka tartibdagi uy-joylarni ta’mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar 9-ilovaga muvofiq;

1 182 ta ko‘p xonadonli uy-joylarni ta’mirlash chora-tadbirlari 10-ilovaga hamda 378 ta ko‘p xonadonli uy-joylar hududlarini obodonlashtirish chora-tadbirlari 11-ilovaga muvofiq;

280 ta maktabgacha ta’lim, 510 ta maktab, 237 ta sog‘liqni saqlash hamda 439 ta boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash chora-tadbirlari 12-12.4-ilovalarga muvofiq;

jami 2 532 ta bozor infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va ta’mirlash yuzasidan chora-tadbirlar 13-ilovaga muvofiq;

irrigatsiya-melioratsiya sohasida, jumladan, 296 kilometr irrigatsiya va 1 538 kilometr melioratsiya ob’ektlarini qurish va ta’mirlash, 584 kilometr irrigatsiya ob’ektlarini tozalash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 14-ilovaga muvofiq;

talab etiladigan asosiy turdagi qurilish va pardozlash materiallari to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlar 15-ilovaga muvofiq;

Dastur parametrlari ijrosini o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi 16-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3630-son qarori bilan tashkil etilgan
“Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda mazkur qaror parametrlaridan kelib chiqqan holda, qishloqlarda 2019 yilda amalga oshiriladigan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik (idora)lar tomonidan ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan tuman va qishloqlar kesimidagi manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlasin;

Dasturga kiritilgan qishloq aholi punktlaridagi mavjud uy-joylar, bino va inshootlar, infratuzilma ob’ektlari, ichimlik suv tizimlari, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiyalarining texnik holatini o‘rganib chiqib, shu asosda 2019 yilda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining “tarmoq jadvallari”ni ishlab chiqib, tasdiqlash hamda ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

Respublika komissiyasi (A.Ramatov)ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuslari asosida tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan kelishgan holda Dasturga qo‘shimcha qishloqlarni kiritish hamda amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha ish hajmlari va qiymatlariga aniqlik va tuzatish kiritish huquqi berilsin.

3. Dastur doirasida bajariladigan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, ob’ektlarning ish hajmi va loyiha-smeta hujjatlari qiymatining asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari shaxsan mas’uldir.

Dastur doirasida bajariladigan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha ish hajmi va smeta qiymati oshirilgan taqdirda qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash ishlarini O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, shuningdek, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlar Dasturga kiritilgan ob’ektlar bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

6. Respublika komissiyasi (A.Ramatov):

Dasturda ishtirok etayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirib, o‘zaro hamkorligini ta’minlasin hamda yuzaga kelgan muammoli masalalarni tezkor ravishda hal etish choralarini ko‘rsin;

qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash yuzasidan tizimli monitoring yuritib, muntazam ravishda muhokama qilib borsin;

Dastur parametrlari bajarilishini kechiktirgan yoki ta’minlamagan mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.Qo‘chqorov hamda Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.G‘aniyev davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan taqdim etilgan loyihalar asosida Dasturni amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini va boshqa moliyaviy manbalarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Transport vazirligi va Energetika vazirligi Dasturga kiritilgan qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘l-transport infratuzilmasi va muhandislik-kommunikatsiyalari tarmoqlari qurilishi uchun loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy hisobotini (loyihaoldi hujjatini) bir oy muddatda tayyorlab, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zneftmahsulot” AJ buyurtmachilar va loyiha tashkilotlarining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Dastur doirasida 2019 yilda qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha ob’ektlari, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash uchun birja kotirovkalarining o‘rtacha narxlariga muvofiq haqini oldindan to‘lash sharti bilan metall prokati, sement va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ajratilishini ta’minlasin.

9. Quyidagilar:

ushbu qarorning talablari o‘z vaqtida va to‘la-to‘kis amalga oshirilishini ta’minlash ustidan nazorat olib borilishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri A.Ramatov zimmasiga;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan yig‘ma ko‘rsatkichlar va asosiy parametrlarga muvofiq uy-joylarni ta’mirlash, muhandislik-transport kommunikatsiyalari hamda infratuzilma ob’ektlarini o‘z vaqtida va sifatli qurilishi va ta’mirlanishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri A.To‘xtayev zimmasiga;

qurilish-montaj ishlari tannarxini pasaytirish va ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qo‘llashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.Xo‘jayev zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev 

Toshkent shahri,
2019 yil 20 fevral

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident qarori Obod qishloq

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing