O‘zbekiston va Bahrayn jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston jinoyatchilikka qarshi kurashishda Bahrayn bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasida rasmiy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

Kecha, 24 fevral kuni Manama shahrida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida shartnoma-huquqiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston-Bahrayn maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tgan. Muzokaralar chog‘ida mavjud yuridik bazani inventarizatsiya qilishdan tashqari siyosiy, iqtisodiy, turizm sohalaridagi va boshqa yo‘nalishlardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va ularni istiqbolda kengaytirish masalalari muhokama etilgan. 

Bahrayn Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasiga Vazir o‘rinbosarining yordamchisi, Elchi Tavfiq al-Mansur hamda Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik qilish departamenti direktori Muna Abbas Mahmud Roziy boshchilik qildi. Tadbirda Bahrayn turizm va ko‘rgazmalar agentligi vakillari ham ishtirok etgan 

Maslahatlashuvlar chog‘ida imzolangan bitimlarning huquqiy maqomiga aniqlik kiritilib, ularni samarali amalga oshirilishini ta’minlash uchun ikki mamalakat tegishli idora va tashkilotlarining faoliyatini jadallashtirishga kelishib olingan. 

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi, ikki mamlakatning xalqaro normativ hujjatlarni ishlab chiqishdagi ishtiroki (xalqaro huquq normalarining kodifikatsiyasi va ilg‘or rivojlanishi) to‘g‘risida ma’lumot almashildi. 

O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Bahrayn Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari yordamchisi general-mayor Muhammad Roshid Buxumud bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.  Unda ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Hukumatlar o‘rtasidagi Uyushgan jinoyatchilik va jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashishdagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqildi va kelishildi. 

Shuningdek, Bahrayn Savdo-sanoat palatasining xalqaro munosabatlar departamenti boshlig‘i Vafa Ali boshchiligidagi vakillari bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tgan.  

Chet ellik hamkorlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, eksportni rag‘batlantirish va turizm sohasini rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berilgan. 

83 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarini birlashtiruvchi Bahrayn Savdo-sanoat palatasi vakillari, o‘z navbatida, mehmonxona biznesi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish sohalaridagi istiqbolli investitsion loyihalarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston ishbilarmon doiralari bilan tog‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirdi.  
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Bahrayn

Baholaganlar

6

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar