Oliy ma’lumotli fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash muddati uzaytirilmoqda

Jamiyat

image

Oliy ma’lumotli fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash muddati uzaytiriladi. Bu haqda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Matbuot xizmatidan xabar qilindi. 

Kecha, 8 iyul Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unja bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilgan. 

Jumladan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilingan.  

Loyihada bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘zda tutilgan.

Birinchidan, Oliy ma’lumotli shaxslar va muddatli harbiy xizmatni chaqiruv bo‘yicha ofitserlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan ofitserlar istisno tariqasida muddatli harbiy xizmatni to‘qqiz oy o‘tashgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra ushbu muddat bir yil etib belgilanmoqda.

“Ushbu o‘zgarishga sabab sifatida qonun tashabbuskorlari quyidagilarni qayd etgan. “Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilayotgan fuqarolarning 9-10 foizini oliy ma’lumotlilar tashkil etadi. Mazkur fuqarolar to‘qqiz oy muddatli harbiy xizmatni o‘taganidan so‘ng Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi natijasida qolgan uch oy davomida ular egallab turgan lavozimlar  bo‘sh (vakant) qolib ketmoqda. Buning natijasida qo‘shinlarda, ayniqsa, DXX Chegara qo‘shinlari va IIV Qorovul qo‘shinlari bo‘linmalarida kundalik faoliyatda belgilangan vazifalarni bajarishda qiyinchilik va noqulayliklar kelib chiqmoqda. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolarning bir vaqtda Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi natijasida oddiy askarlar lavozimlarining uch oy bo‘sh (vakant) bo‘lib qolish holatlariga barham beriladi, natijada jangovar shaylikni ta’minlashdagi noqulayliklar bartaraf etiladi”, deyiladi xabarda. 

Ikkinchidan, chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida amalga oshirilgan edi. Kiritilayotgan o‘zgarishga binoan ushbu vazifa Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlariga yuklatilmoqda.

Ushbu o‘zgarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4061-son Qarorining 1-4 va 19- bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida kiritilayotgani aytilmoqda. 

Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan iyul-avgust oylarida safarbarlik chaqiruvi rezervi (bir oylik) xizmatiga olinishlari mumkinligi belgilanmoqda.

Chunki, chaqiruv tadbirlari jarayonida oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan chaqiruv yoshidagi fuqarolar va ularning ota-onalari tomonidan chaqiruv komissiyalariga SCHR xizmatiga qabul qilish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Mazkur holat amaldagi qonunchilikka asosan SCHR xizmatiga 27 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning olinishi, ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolar esa oliy ta’lim muassasasini tamomlaguniga qadar 27 yoshga to‘lib qolishi bilan bog‘liq. 

Qonun loyihasi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan. 


Maqola muallifi

Teglar

harbiy xizmat

Baholaganlar

52

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made