Yulduz ko‘rmay jon berdi! DSQ va MBning qarori loyihasi nega yo‘q qilindi?

Jamiyat

image

Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylangan  “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori loyihasi jiddiy tanqidlarga uchragach, muhokamadan olib tashlandi.

Xo‘sh, o‘zi mazkur qo‘shma qaror nima haqida edi?

Qaror loyihasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangandi. Uni Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank rahbari tasdiqlashi kerak edi. Agar loyiha kuchga kirganda, MB tomonidan DSQga yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari hamda ularning rekvizitlari to‘g‘risidagi axborotlar har kuni keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda taqdim etilardi.

Tijorat banklari tomonidan soliq organlariga quyidagilar:

•    yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning ushbu Nizomning 2-ilovasida qayd etilgan hisobvaraqlari bo‘yicha o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida;

•    yuridik shaxslar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning ushbu Nizomning 2-ilovasida qayd etilgan hisobvaraqlaridagi qoldiq mablag‘lari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida;

•    bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida milliy hamda chet el valyutasida;

•    O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochgan rezident-yuridik shaxslarning hisobvaraqlari hamda ularning rekvizitlari, ulardagi qoldiq mablag‘lari va o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari to‘g‘risidagi axborotlarni har chorak yakuni bilan, keyingi oyning 25-sanasiga qadar taqdim etilishi rejalashtirilgandi.

Qo‘shma qaror senator va jamoatchilikning jiddiy tanqidiga uchragandi

Joriy yilning 9 aprel kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov loyihaning bir nechta jihatlari munozarali ekanini aytgandi.

“Bilamizki, Soliq kodeksining 134-moddasida aniq qilib yozilgan, bank mijozning bankdagi hisobvaraqlari va omonatlari (depozitlari) mavjudligi, ularning qoldiqlari, ko‘chirmalari, soliq majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni soliq organining so‘roviga binoan taqdim etishi kerak.

Lekin muhokamaga qo‘yilgan hujjatda bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln. so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalari soni 10 tadan oshgan operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklar soliq idoralariga taqdim etishi belgilanmoqda.

Soliq kodeksining 134-moddasida jismoniy shaxslarning bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘larining aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topmagan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, muhokamaga qo‘yilgan hujjatga Soliq kodeksida nazarda tutilmagan me’yorlar kiritilgan”, deya fikr bildirdi Odiljon Iminov.

Jamoatchilik faollari ham qaror loyihasini tanqid ostiga olib, bu kabi hujjatlar, o‘z navbatida, soliq to‘lovchilarni hurkitib yuborishi va natijada “yashirin iqtisodiyot” ko‘rsatkichlari avj olishini aytishgandi. Yana ayrimlar bunday hujjatlar ishlab chiqilishidan avval davlat xizmatchilarining daromadlar va harajatlar deklaratsiyasini ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb izoh qoldirishgan.

Senatning munosabatiga Davlat soliq qo‘mitasi javob qaytargan

Davlat soliq qo‘mitasining rais o‘rinbosari imzosi bilan Senatga xat yo‘llangan (13.04.2020 yildagi 03/2-12794-son bilan). Ta’kidlanishicha, maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar ijro muddati ikki oyga uzaytirilgan. Shuningdek, takliflar hamda e’tirozlarni inobatga olinib, Nizom loyihasini veb sahifadan (regulation.gov.uz) olib tashlangan.

“Albatta, Oliy Majlis Senati Davlat soliq qo‘mitasining tanqid, taklif va e’tirozlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lganligini ijobiy baholaydi.  Shuningdek, mazkur hujjat loyihasi va shu kabi tadbirkorlarning huquq hamda manfaatlariga daxldor barcha me’yoriy hujjatlar doimiy nazorat ostida bo‘lishini bildiradi”, deyilgan Oliy Majlis Senatining bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

208

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing