Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi qariyb 3750 fuqaro Vatanga qaytarildi

Jamiyat

image

Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 3700 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, 1 iyuldan 7 iyulgacha bo‘lgan muddatda “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 2700 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga qaytgan.

“Biroq yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan yurtdoshlarimizni o‘tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda bu holat chegarada 3000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi”, deyilgandi shunda xabarda.

Ta’kidlanishicha, Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 8 iyul kuni mamlakat fuqarolarining Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi barcha texnik va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal qilindi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 iyul kuni kechqurun va 9 iyul kuni “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar O‘zbekiston fuqarolari o‘tkazildi.

“Hozirgi paytda davlatlararo chegarani kesib o‘tishda muammolar yo‘q, nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, fuqarolarning to‘planib qolishi kuzatilmayapti”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston fuqarolari qaytib kelgandan keyin Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilgan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik chegara

Baholaganlar

181

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made