Deputat: “Ayrim OAVlar namanganlik deputat voqeasida noxolislik qildi”

Jamiyat

image

Shu kunlarda IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jiddiy muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Unda xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida faoliyat olib borayotgan ichki ishlar xodimlarining janjali aks etgan.

Voqea yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybarchin Abdullayeva o‘z fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, ayrim OAV o‘sha voqea bayonida IIV tomonidan aybdor sifatida ilgari surilayotgan fuqaroga, deputatga nisbatan noxolislik qilgan.

Abdullayevaning so‘zlariga ko‘ra, butun insoniyat boshiga tushgan sinovli kunlarda xotirjamlikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Hozir xizmat vazifasi yuzasidan ishlayotganlarga ham, karantin qoidalariga bo‘ysunib uyda o‘tirganlarga ham oson emas.

Lekin har qanday holatda ham vazmin bo‘lish, qonunlarga rioya etish, qaysi sohada ishlashdan qat’i nazar, avvalo, hamma bir-birini inson sifatida hurmat qilishi zarur. Internet, kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani sari axborot berish imkoniyatlari ham oshib boryapti. Hozir ko‘pchilikda, deyarli barcha tashkilotlarda jamoatchilikka mustaqil axborot tarqatish imkoni bor. Faqat imkoniyatdan to‘g‘ri, qonunga bo‘ysungan tarzda, xolislikni saqlagan holda, foydalanish talab etiladi.

Namangan shahar Kengashi deputati bilan bog‘liq munozarali voqea keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, bu bo‘yicha turli fikrlar bildirilyapti. Avvalo, aytish kerakki, bu kabi tortishuvli holatlar mamlakatda demokratik jarayonlar tabiiy rivojlanish bosqichiga chiqayotganini ko‘rsatmoqda. 5-6 yil avval shunday holatlar yuzaga kelganda, haqiqat yuzaga chiqishi juda qiyin bo‘lardi. Ammo hozir vaziyat umuman boshqacha, qonun ustuvorligi ta’minlanishini istovchi va qat’iy harakat qiluvchi bir nechta institutlar bor. Hozir har qanday axborot shu institutlar, keng jamoatchilik tomonidan qattiq chig‘iriqdan, chuqur tahlildan o‘tkazilyapti. Kim haq, kim nohaq, kim xolis, kim noxolis tez orada yuzaga chiqmoqda.

“Ayrim OAV vositalari o‘sha voqea bayonida IIV tomonidan aybdor sifatida ilgari surilayotgan fuqaroga, deputatga nisbatan noxolislik qildi, deb o‘ylayman. OAV munozarali holatda bir paytning o‘zida ikkinchi tomonning fikrini berishi, buning imkoni bo‘lmasa, uning sha’nini hurmat qilgan holda, axborot tarqatishi kerak. Aksariyat OAV bunga rioya qilayotganini ham aytishim zarur. Noxolis, shunchaki shov-shuvni yaxshi ko‘radigan OAV esa kuzatuvchilari, ya’ni jamoatchilik ishonchini yo‘qotib qo‘yishi mumkinligini ham unutmasligi lozim. Jamoatchilik quvvatlamagan OAV esa kuchini yo‘qotib boraveradi”, dedi Oybarchin Abdullayeva.

Abullayevaga ko‘ra, karantin qoidalariga amal qilmaganlar javobgarlikka tortilishi kerak. Ammo huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni javobgar qilishda uning vazifasiga qayta-qayta urg‘u berish ham insoniy jihatdan, ham qonun jihatdan noto‘g‘ridir. Hech kim sud qarori chiqmasidan, bir insonning sha’ni, qadr-qimmatiga daxl qilib, uni aybdor sifatida butun jamoatchilikka ko‘rsatishga haqli emas. Kim aybdor bo‘lsa, unga qonunga muvofiq chora ko‘rilsin.

Shu bilan birga, u ba’zi masalalarni eslatib o‘tadi:

“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida deputatning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi belgilangan. Deputatning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma’muriy, jinoiy yoki o‘zga tarzda javobgar bo‘ladi. Deputatni haqorat qilish, shuningdek, unga nisbatan tuhmat qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Namangan shahar Kengashining munozarali holat bo‘yicha chiqargan qaroridan keyin masalaning bu tomonini ham esdan chiqarmaslik kerak. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, Xalq deputatlari Kengashlari tegishli prokurorlar, Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qaror qabul qilish vakolatiga ega. Aminmizki, bu tartib-qoidalardan ko‘pchilik xabardor.

Deputatlarni yoppasiga yomon otliq qilishni istovchilar vakillik hokimiyatining davlat hokimiyati tizimida mavqei qandayligi haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lishi zarur. Ichki ishlar tizimida ming-minglab fidoyi, jasur, qo‘rqmas aka-ukalarimiz ishlaydi. Sinovli kunlardagi faoliyati uchun ularga alohida minnatdorlik bildiramiz. Namangan shahrida ro‘y bergan munozarali holatda qatnashgan, guvoh bo‘lgan ichki ishlar xodimlari ham mard, haqgo‘y, yuksak insoniy fazilatlarga ega aka-ukalarimizdan, deb ishonaman. Ular o‘zlarini ko‘rsatib, o‘sha kungi voqea tafsilotlarini to‘liq ochishga kuch topadi, IIV bunga sharoit yaratadi, deb umid qilaman.

Toki, haqiqat yuzaga chiqib, aybdor(lar) jazosini olsin, qolganlar xulosa qilsin”, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Eslatib o‘tamiz, Mazkur video yuzasidan QALAMPIR.UZ IIV Axborot xizmatiga bir qancha savollar bilan murojaat qilgan edi. Hozircha savollarga javob qaytarilmadi. 


Maqola muallifi

Teglar

IIV deputat OAV Oybarchin Abdullaeva

Baholaganlar

241

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing