Prezident zamonaviy tikuvchilik korxonasi va innovatsion ko‘chma kinoteatr loyihasi bilan tanishdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Termiz shahridagi “ZIF Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.

Ushbu zamonaviy korxonani barpo etish uchun qurilishi tugallanmagan bino 16  milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda berilgan edi. Zarur qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy sexlar, omborxona va ma’muriy xonalar  bunyod etildi. Germaniya, Italiya, Turkiyadan tikuvchilik dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlat rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi. 

Prezident bu kabi zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish, mahsulotni eksport qilish zarurligini qayd etdi.

Korxona joriy yilda 29 million dollardan ziyod qiymatdagi bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim ishlab chiqarib, 8,8  million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan. 2021 yilda korxonaning yillik quvvati qariyb 50 million dollarga yetkazilib, 34,7  million dollarlik eksport mo‘ljallanmoqda.

Shu yerda “Janub textile” MCHJning ip-kalavadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish klasteri hamda O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasini tashkil etish,  Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini ta’mirlash va obodonlashtirish, mamlakatning Avstriya, Tojikiston va Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Shu yerda “Kinomobil” – O‘zbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Uning tashabbuskori  “Cinema  Servis” MCHJ bo‘lib, loyiha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ko‘chma kinoteatr MAN avtomobili negizida ishlab chiqilgan, isitish va ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni Dolby 5+1 tovush tizimi bilan 2D va 3D formatlarida tomosha qilishi mumkin. Mobil kinoteatr 30 daqiqa ichida ishga tushadi hamda 80 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan Beshta tashabbusga hamohang ushbu innovatsion loyiha yurtning olis va chekka hududlari aholisi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentga respublika hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

13

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing