O‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish boshlandi

Jamiyat

image

2020 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha faoliyat turlarining 67 tagacha kengaytirilishi asosida ro‘yxatga olish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

67 ta faoliyat turini ushbu havola orqali bilib olish mumkin.  

“O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tishni xohlovchilar buni “Soliq” mobil ilovasidan foydalangan holda yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, bepul amalga oshirishi mumkin”, deyiladi xabarda. 

Bunda jismoniy shaxs sifatida shaxsiy ma’lumotlar kiritilganidan so‘ng, faoliyat turini tanlash kerak bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, biryo‘la bir nechta faoliyat turini tanlab kiritsa ham bo‘ladi. Faoliyat ko‘rsatish joyi – viloyat va tuman (shahar), albatta, ko‘rsatilishi kerak.

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar Soliq to‘lovchilarning yagona reyestriga kiritiladi va foydalanuvchiga ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR kod) yuboriladi. QR kodli ma’lumotnomani xohishga ko‘ra chop ettirish mumkin.

O‘zini o‘zi band qiladiganlar rasman ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, qonuniy ravishda ishlashlari, shuningdek, mijozlardan qabul qilingan barcha buyurtmalarni rasmiylashtirish va saqlashi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ma’lumotlar bazasida har bir buyurtma uchun ishlarning soni va qiymati, shuningdek, mijozning telefon raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanadi. Buyurtma asosida chek shakllantirish va uni mijozga yuborish imkoniyati mavjud.

“PQ-4742-sonli qarorning 3 bandiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Soliqlarni to‘lash masofadan turib, mobil ilova yoki har qanday elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lash jarayoniga o‘xshaydi. Endi soliq majburiyatlarini soliq organlariga tashrif buyurmasdan bajarish mumkin”, deyiladi xabarda.  

Eslatib o‘tamiz, o‘zini o‘zi band qilganlar – bu xizmatlar ko‘rsatishda mustaqil ravishda shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan, mehnat daromadini olish uchun ish olib boruvchi shaxslar. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

bandlik

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing