Prezident Mirziyoyevning kuyovi jarimaga tortildi

Jamiyat

image

Bugun "Ozodlik" radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi Prezidenti Otabek Umarovning Toshkent shahri ko‘chalarida Tesla rusumidagi avtomobilning tezligini belgilangandan bir necha barobar oshirib haydayotgani tasvirlangan video tarqaldi. 

Unda qayd etilishicha, Otabek Umarov xizmat avtomobilida bo‘lmagan. U avtomobil tezligini soatiga 201 kmgacha oshirgan. 

"Ozodlik" ushbu videoni ham Prezident, uning oila a’zolari, unga daxldor bo‘lgan va bo‘lmagan shaxslarga bog‘ladi. Holbuki, Otabek Umarov o‘zbekistonlik boshqa haydovchilar qatorida yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Jinoyatga qo‘l urmagan. Buni esa Prezident va uning davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga bog‘lash farosatsizlikning o‘zginasi. 

Umarov yuqorida aytilganidek, boshqa o‘zbekistonliklar qatorida jarimaga tortildi. Bu haqda yana uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qildi. 

U ijtimoiy tarmoqqa jarima haqidagi xabarnomaning suratini joylashtirdi. Yozilishicha, Otabek Umarov joriy yilning 8 iyul kuni Tesla rusumli avtomobilda Yo‘l harakati qoidalarining 78-bandini buzgan. To‘g‘ri, u "Ozodlik" qayta-qayta eslatganidek, Prezidentning kuyovi, ammo jarimadan chetda qolgani, qonunlar unga kelganda ishlamay qolgani yo‘q. Unga nisbatan 1 824 570 so‘m miqdorida jarima tayinlangan.

U bu haqda shunday yozadi: 

"Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq videoning tarqalgani Prezidentimizning ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati amalda ekanini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. 

Jurnalistlar va blogerlar haqiqatan ham real hayotimizda bor muammolarni ko‘tarib chiqayotgani quvonarli. Sizlar jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga befarq emasligingiz, odamlarning mavqei va lavozimidan qat’i nazar tanqid qilayotganingiz bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga va tartibga rioya qilishga chaqiradi. 

Bugunoq barcha jarimalar to‘landi. Qonun barcha uchun barobar! 

Shu fursatdan foydalanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!"


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov

Baholaganlar

905

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing