Davlat boshqaruv akademiyasi uchun qabul kvotalari tasdiqlandi

Jamiyat

image

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5139-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasini kuchaytirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki:

a) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) boshqaruv kadrlarini tayyorlash davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvining talab etilgan va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha grant va to‘lov-kontrakt asoslarida, ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yillik va ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikki yillik magistraturaning ta’lim dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi;

Akademiya magistraturasiga va qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish faqat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat tashkilotlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda respublika nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan shaxslar orasidan, joylarda nomzodlarni birlamchi saralab olish va keyinchalik Akademiyada test sinovlari va suhbat o‘tkazish yo‘li bilan tanlov asosida amalga oshiriladi;

Akademiya magistraturasi va qayta tayyorlash kurslari tinglovchiligiga nomzodlar uchun qo‘yiladigan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi;

b) Akademiya magistraturasi va qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilarini rahbarlik lavozimlariga taqsimlash choralarini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariyatining umumiy muvofiqlashtirishi ostida amalga oshiriladi;

v) boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish kurslari ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda amalga oshiriladi hamda innovatsion davlat boshqaruvi, strategik rejalashtirish va prognozlashtirish (foresight), davlat xizmatlarini takomillashtirish, aqlli boshqaruv va raqamlashtirish sohasidagi o‘quv dasturlarini o‘z ichiga oladi.

2. Akademiya tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat tashkilotlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda respublika nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlari asosida Akademiyaga 2019/2020 o‘quv yili uchun qabul kvotalari shakllantirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. 2019/2020 o‘quv yili uchun qabul kvotalari:

1-ilovaga muvofiq, ishlab chiqarishdan ajralgan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha Akademiya magistraturasi uchun 90 nafar, shu jumladan, davlat grantlari asosida – 36 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 54 nafar;

2-ilovaga muvofiq, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha Akademiya magistraturasi uchun 30 nafar, shu jumladan, davlat grantlari asosida – 12 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 18 nafar;

3-ilovaga muvofiq, ishlab chiqarishdan ajralgan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha Akademiya boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslari uchun 60 nafar, shu jumladan, davlat grantlari asosida – 24 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 36 nafar;

4-ilovaga muvofiq, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha Akademiya boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslari uchun 90 nafar, shu jumladan, davlat grantlari asosida – 36 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 54 nafar etib belgilansin.

4. Akademiya rektoriga nomzodlarning yakuniy bahosini hisobga olgan holda Akademiyaga qabul qilish parametrlariga belgilangan umumiy kvotalar doirasida o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.

5. Akademiyaning magistraturasi va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslariga davlat grantlari asosida qabul qilingan shaxslarning tahsil olishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

6. Akademiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini:

boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish;

vazirlik va idoralar xususiyatidan kelib chiqqan holda malaka oshirish kurslarining kamida 30 ta o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasida davlat organlari ehtiyojlari asosida xorijiy mamlakatlarda o‘qitish uchun istiqbolli kadrlar ma’lumotlar bazasini yaratish;

b) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari R.S.Qosimov va U.S.Ismoilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 27 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Davlat boshqaruv akademiyasi qabul kvoatsi

Baholaganlar

702

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar