Po‘lat Bobojonov ilk bor O‘zbekistondagi mahkumlar sonini oshkor qildi

Jamiyat

image
Bobojonov: “2020 yilda IIB xodimlari 5 fuqaroga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi” north_east

Bobojonov: “2020 yilda IIB xodimlari 5 fuqaroga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi”

O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida 23 mingga yaqin mahkum bor. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Aslida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligining liberallashtirilishi natijasida so‘nggi o‘n yillikda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar soni keskin qisqardi. Real holatga ko‘ra, bugungi kunda jazoni ijro etish tizimidagi mahkumlar soni 22,9 ming nafarni tashkil etib, har 100 ming aholi soniga nisbatan 67 nafar shaxs to‘g‘ri keladi. Ushbu raqamlar birinchi marotaba ochiqlanmoqda”, dedi vazir.

Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlarning ochiqlanishi O‘zbekistonning mazkur ro‘yxatdagi ko‘rsatkichi 70 pog‘onaga yaxshilanishini ko‘rsatadi. Hozirda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida 43 jazoni ijro etish muassasasi va 11 tergov hibsxonasi mavjud. Muassasalarning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi. Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sig‘imiga nisbatan saqlanayotganlar ko‘rsatkichi 56,4 foizni tashkil qilmoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bundan buyon rasmiy saytlarda e’lon qilib boriladi. 

“Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasidagi o‘lim holatlari hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llaniladigan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham endilikda maxfiy sanalmaydi.

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarni statistik ma’lumotlar bilan izohlash va xalqaro reytinglardagi o‘rnini aniq ifoda etish hamda yurtdoshlarimiz va xorijiy ekspertlarning jazoni ijro etish tizimiga oid aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi”, deydi Bobojonov.

Bildirilishicha, jazoni ijro etish muassasalariga qarashli korxonalarda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mehnatga layoqatli mahkumlarning 80 foizga yaqini foydali mehnatga jalb etilgan. 2019 yil va joriy yilning o‘tgan davri davomida 3 ming 559 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 1ming 352 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi va ularga tegishli sertifikatlar berilgan.

2020 yilning o‘tgan 7 oyi mobaynida shunday korxonalar tomonidan 100,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Ishlayotgan har bir mahkumga o‘rtacha 700-800 ming so‘m, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha esa, 1,5-2 million so‘mgacha oylik maosh berilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov

Baholaganlar

370

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing