Koronavirusga chalingan, yurak xastaligi bor ayol farzandli bo‘ldi

Salomatlik

Bugun, 1 may kuni 24 yoshli koronavirusga chalingan ayol farzandli bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ayolda tug‘ma yurak xastaligi bo‘lgan. Lekin, shunga qaramay, ayol farzand dunyoga keltirgan.

U.B. ismli ayol shu yilning 9 aprel kuni Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga “Homiladorlik 1. 32-33 hafta. O‘tkir respirator kasalligi” tashxisi bilan kelgan. Tibbiyot muassasasida koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun surtma olingan. 10 aprel kuni tahlil natijasi “musbat” ekanligi aniqlangan. Shundan so‘ng, homilador ayolga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtimizdagi 3-son tug‘ruq kompleksiga og‘ir ahvolda o‘tkazilgan

Ta’kidlanishicha, tug‘ruq majmuasida mutaxassislardan: kardioxirurg, kardiolog, pulmonolog, infeksionist, terapevt, anesteziolog-reanematolog va akusher-ginekologlar tomonidan ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy tekshiruvlardan so‘ng kerakli davolash chora-tadbirlari belgilashgan. Kardioxirurg tomonidan tug‘ruqni jarrohlik yo‘li bilan amalga oshirish tavsiya qilingan.

“Bugun ertalab bemor ayol vazni 3 150 gramm, bo‘yi 52 santimetr bo‘lgan o‘g‘il bola chaqaloqni dunyoga keltirdi. Fidoyi shifokorlarimizning tajribasi sabab murakkab jarrohlik amaliyoti asoratsiz o‘tib, muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozirda ayolning va yangi tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli yaxshi, ular shifokorlarning qat’iy nazorati ostida“ deyiladi vazirlik xabarida.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirus yuqtirganlar 2075 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 9 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

41

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing