Mirziyoyevning Moskvaga safari yakunlandi (foto)

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etgani haqida xabar bergan edik.

Ayni damda, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amaliy tashrifi yakunlandi. Aeroportda O‘zbekiston Prezidentini Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Denis Manturov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ygan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha,  ko‘plab tarixiy dalil va misollar O‘zbekiston xalqi buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shganini yaqqol tasdiqlagan.

Dahshatli urush boshlangan birinchi kunlardanoq o‘zbekistonliklar fashizmga qarshi mardona kurashga otlangan. O‘sha paytda respublika aholisi 6,5 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 1 million 950 mingdan ortig‘i yovuz dushman bilan yuzma-yuz bo‘lib qonli janglarda ishtirok etgan. Bu o‘g‘lonlarning 538 mingdan ziyodi jang maydonlarida halok bo‘lgan. 158 ming nafardan ko‘prog‘i bedarak ketgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 ming nafardan ziyodi jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 301 nafar yurtdoshimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik ofitserlar orasidan o‘nlab generallar, mohir qo‘mondonlar yetishib chiqqan.

O‘zbekiston urush yillarida front ortidagi mustahkam ta’minot bazasiga aylangan. Respublikadan jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, palatka, parashyut va boshqa zarur mahsulotlar yuborilgan. 

Urush bo‘layotgan hududlardan O‘zbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirilib, tezlik bilan ishga tushirilgan. O‘zbekiston aholisi 1941-43 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan.

“O‘sha suronli yillarda xalqimiz gumanizm va insoniylik bobida o‘ziga xos tarixiy maktab yaratdi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan ko‘chirib keltirilgan, turli millatga mansub 1 million 500 mingga yaqin insonlar O‘zbekistondan panoh topdi. Ularning orasida 250 mingdan ziyod yetim bolalar ham bor edi. Xalqimiz ularga mehr berdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarning jasoratini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili rag‘batlantirilmoqda. Toshkent shahrida ulkan G‘alaba bog‘i ochildi, shu kungacha u yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchilar tashrif buyurgan.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ygan. Yodgorlik Ikkinchi jahon urushida Vatan uchun jonini fido qilgan turli millatlarga mansub millionlab askarlar, shu jumladan o‘zbek o‘g‘lonlarining qahramonligi va jasorati ramzi hisoblanadi.

Prezidentlar bir daqiqalik sukut bilan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirgan. Marosim yakunida faxriy qorovul va orkestr tantanali ravishda saf tortib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Moskva Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made