Mirziyoyev Putin bilan qo‘ng‘iroqlashdi. Prezidentlar nimalarni gaplashdi?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Bugun, 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilishicha, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, O‘zbekiston va Rossiyaning hududlari va tadbirkorlari darajasidagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

“Ta’kidlash joizki, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Ayni paytda savdo ko‘rsatkichlarining o‘sishi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.

Hududlar o‘rtasida faol va samarali almashinuvlar amalga oshirilmoqda, shu yilning kuzida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Muhim investitsion loyihalar va madaniy-gumanitar dasturlar davom ettirilmoqda”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabarida.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari, eng avvalo, amaliy sheriklikni aniq, sifatli mazmun bilan boyitish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etgan.

Shuningdek, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi muhokama qilingan. Davlat rahbarlari joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtalgan.

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda Shanxay hamkorlik tashkilotining sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan. Shu nuqtai nazardan, SHHTning xalqaro miqyosdagi yuksak nufuzi, tashkilotning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotgani qayd etilgan.

“Rossiya-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi”, deyiladi Rossiya tomoni bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin O'zbekiston-Rossiya

Baholaganlar

239

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing