“Milliy” stadioni xodimlari oylik ololmayotganidan ish tashlash e’lon qildi

Jamiyat

Toshkent shahrida joylashgan “Milliy” stadioni ishchi-xodimlari salkam uch oydan beri oylik-maoshlarini olishmayapti. Bugun, 19 mart kuni oylik-maoshini ololmayotganidan norozi bir guruh xodimlar ish tashladi. Ular stadion atrofiga to‘planib, ish tashlashni e’lon qilib, rahbariyatni ogohlantirdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

“Men “Milliy” stadionida 7 yildan buyon xizmat qilaman. Lekin oxirgi paytlarda oylik-maoshimizni o‘z vaqtida to‘lashmayapti. Bu holat 2018 yilning yanvar oyidan buyon sodir bo‘lmoqda. Har gal ikki-uch oylab oylik-maoshimizni o‘z vaqtida ololmaymiz. Hozir ham barcha ishchi-xodimlar mana shu muammo tufayli yig‘ilganmiz. Biz ish tashlash e’lon qildik va bu yerda boshqa ishlamoqchi emasmiz. Yanvar va fevral oylari uchun maoshlarimizni bizga to‘lab berilsa, biz hech qanday muammo ko‘tarmoqchi emasmiz”, deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan xodimlardan biri. U suhbat davomida ism-sharifini oshkor etmasligimizni, bu hol ishida muammo keltirib chiqarishini aytdi. 

Aslida muammo ancha oldin boshlangan. 2018 yilning boshigacha “Bunyodkor” nomi bilan faoliyat olib borgan stadion O‘FA tasarrufiga o‘tkazilgach, “Milliy” deya qayta nomlangan edi. 

Bundan oldin xodimlarning oylik-maoshlari o‘z vaqtida berilmas, satadion va uning atrofidagi maydonlarning holati ham achinarli holga kelib qolgandi. Hattoki, 2018 yilning boshida bir muddat qarzdorliklar tufayli stadion elektr energiyasidan uzib qo‘yildi. Shu sababdan O‘FAning mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi birmuncha xotirjamlikni keltirib chiqardi. Bu orada stadion qayta nomlandi. Lekin qayta nomlanish bilan stadion muammolari bartaraf bo‘lib qolmadi.

Bugun QALAMPIR.UZ’ga murojaat bilan chiqqan “Milliy” stadioni direksiyasi xodimlarining aytishicha, yil boshida maoshlar to‘lovi sabab 100 dan ortiq ishchilar o‘z mehnat lavozimlaridan ozod etilgan. Hozirda esa direksiyada taxminan 150 dan ortiq xodimlar mehnat qilmoqda, lekin ular 2019 yil hisobidan biror so‘m oylik-maosh olishmagan. Rahbariyat buning o‘rnini qoplash uchun xodimlarga hech narsa taklif etmagan. Bir so‘z bilan aytganda, chigal vaziyatni biroz bo‘lsada yengillashtirishga urinishlar kuzatilmagan.

2018 yil davomida direksiya xodimlari yillik maoshini uchga bo‘lgan holda olishgan. O‘tgan yildan buyon xodimlarga mehnat ta’tili uchun qo‘shimcha haq to‘lanmaganligi aytilmoqda. Bayramlarda ham xizmatchilar uchun mukofot pullari berilmayapti. Shu sababdan direksiyaning barcha ishchi-xodimlari ish tashlash e’lon qilib, rahbariyatga murojaat qilishgan.

“Milliy” stadion direksiyasi rahbari Kozim O‘rinboyxo‘jayev ish tashlovchilarga murojaat qilib, muammo tez orada bartaraf etilishini aytgan. Biroq natija bo‘lavermagan.  

Aniqlashimizcha, “Milliy” stadioni xodimlarining maoshini qoplash homiylik evaziga “O‘zbekneftgaz” AJga yuklatilgan. Biroq, “O‘zbekneftgaz” AJ o‘tgan yilning o‘zidayoq, stadion faoliyatidan rasman norozilik bildirib chiqib, stadion faqat zararga ishlayotgani, qarzdorlik yuqori ekani, futbol o‘yinlari, konsert va boshqa tadbirlarda pul topilmayotgani va “Milliy”ni tekinxo‘rlarcha “boqish” “O‘zbekneftgaz” AJga malol kelayotgani aytilgan edi. 

Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing