Kirish test sinovlari faqat avgustda emas, iyulda ham o‘tkazilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi

Qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab:

amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;

eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;

abituriyentlar tomonidan oliy ta’lim muassasalarini tanlashda imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligini e’tiborga olish;

test sinovlarini 2018 yildagi tajribadan kelib chiqib, katta sig‘imli bino va inshootlarda hamda zaruriyatga muvofiq qo‘shimcha binolarda o‘tkazilishini davom ettirish;

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab:

test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish;

yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun “O‘zbek tili”, “Rus tili”, “Qoraqalpoq tili” fanlari bo‘yicha alohida sinovlarni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, 2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkazilgan kirish test sinovlari ilk marotaba katta sig‘imli binolarda o‘tkazildi, abituriyentlar binoga kirishida shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi hamda ushbu jarayonlar abituriyentlarning ota-onalariga bevosita katta monitorlarda, internet saytida onlayn tizimi orqali va televideniyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Kirish test sinovlari

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar