Mehnat va Uy-joy kodekslariga o‘zgartirish kiritiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat va Uy-joy kodekslariga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilyapti. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida tegishli Qonun loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan 161-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 63-moddasining uchinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat hokimiyati organi” degan so‘zlar “aholi bandligiga ko‘maklashish tuman (shahar) markazlari” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

63-modda hozirda quyidagicha tahrirda bayon qilingan:

Maqbul keladigan deb hisoblanmaydigan ish

Agar:

ish yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lsa;

taklif etilgan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq bo‘lsa va transportda qatnash jihatdan qulay bo‘lmasa. Ish joyining transportda qatnash jihatdan qulayligi (yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan uzoqligi) mazkur joydagi jamoat transporti tarmog‘ining rivojlanganligi hisobga olingan holda mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan belgilanadi;

taklif etilgan ishni rad etish ishsiz shaxsning sog‘lig‘i holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mavjud moneliklarga asoslangan bo‘lsa, bunday ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan 713-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi 15-moddasidagi (Turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazish) “tumanlar va shaharlar hokimlarining qaroriga binoan” degan so‘zlar “tumanlar (shaharlar) qurilish bo‘limlarining ruxsatnomasiga binoan” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

15-moddaning amaldagi tahririga ko‘ra, yashash uchun yaroqli bo‘lgan turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida hollarda, turar joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazish mulkdorning yoki u vakolat bergan organning (shaxsning) arizasiga ko‘ra tumanlar va shaharlar hokimlarining qaroriga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Mehnat kodeksi Uy-joy kodeksi

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing