“Menga ikki daqiqa vaqt berishdi”. Ashraf G‘ani ilk bor Afg‘onistondan qanday qochganini aytib berdi

Olam

image

Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘ani “Tolibon” harakati vakillari bilan janglar natijasida Qobul vayron bo‘lishining oldini olish maqsadida joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatni tark etganini aytdi. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Tolibon”ning ikki xil guruhi ikki tomondan oldinga siljib borardi. Ular o‘rtasida keng ko‘lamli to‘qnashuv kelib chiqishi, besh millionlik shahar va odamlar hayotining vayron bo‘lishiga olib keladigan katta xavf bor edi”, degan sobiq davlat rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar dastlab Qobulga kirmaslikka kelishib olishgan, biroq ikki soat ichida bu va’dadan hech narsa qolmagan. Shu bilan birga, hozir BAAda istiqomat qilayotgan siyosatchi 15 avgust kuni ertalab, bu uning Afg‘onistondagi so‘nggi kuni bo‘lishini tasavvur ham qilmaganini tan olgan.

G‘anining ta’kidlanishicha, u avvaliga faqat rafiqasi Rula va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulloh Mohibni Kobuldan evakuatsiya qilishga rozi bo‘lgan, o‘zi esa Afg‘oniston Mudofaa vazirligidagi yig‘ilishga borish uchun maxsus mashina kelishini kutgan. Biroq, sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mashina kelmagan. Uning o‘rniga Prezident tan soqchilari boshlig‘i uning oldiga kelib, davlat rahbarining hayotiga haqiqiy tahdid borligi sababli mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan.

“U menga ikki daqiqadan ko‘p vaqt bermadi. Dastlabki rejalarga ko‘ra, Xostga (Afg‘oniston janubi-sharqidagi shahar) uchishga tayyorgarlik ko‘rishim kerak edi. Lekin u Xost ham, Jalolobod ham qulaganini aytdi. Biz qayerga uchishimizni bilmadim. Havoga ko‘tarilganimizdan keyin Afg‘onistonni tark etayotganimiz ma’lum bo‘ldi.Bu juda kutilmagan bo‘ldi”, deydi G‘ani.

Shu bilan birga, G‘ani mamlakatdan uchib ketayotganda o‘zi bilan katta miqdorda pul olib ketgani haqida OAVda paydo bo‘lgan xabarlarni rad etdi. 

“Qat’iy ravishda aytmoqchimanki, men mamlakatdan hech qanday pul olib chiqmaganman. Qanday yashayotganimni hamma biladi. Men pullarni nima qilaman?”, deydi sobiq davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘oniston poytaxtini egallab, hokimiyatni qo‘lga oldi. Harakat 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Keyinroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, u dastlab O‘zbekistonga, so‘ng BAAga uchgan.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsherni egallagach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.    

Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.


Maqola muallifi

Teglar

Ashraf G'ani

Baholaganlar

1473

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing