Shifokorlarning oyligi o‘rtacha 6 mln bo‘lishi mumkin edi, agar...

Jamiyat

image
Sog‘liqni saqlash tizimida urug‘-aymoqchilik urchigan north_east

Sog‘liqni saqlash tizimida urug‘-aymoqchilik urchigan

“Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazi Bosh hisobchisining ma’lumoti – o‘rta maxsus. Oliy emas. Bu mumkinmi? Shunday katta institutga, shunday aylanmaga boshqa topilmadimi? Poytaxt Toshkentda shunday katta tashkilotda qanday iqlib o‘rta maxsus ma’lumotli hisobchini ushlab o‘tiribsiz? Turmush o‘rtog‘i vazirlikda ishlaydi, oilasi esa... Qanday tushunish kerak buni? Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i menga buni tushuntirib bersin”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga yuzlanib. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida sohadagi urug‘-aymoqchilik va bu orqali davlat mablag‘larini talon-taroj qilish masalasi muhokama qilindi. 

Bosh prokurorning ta’kidlashicha, Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazining 2019 yilgi byudjeti 28 mlrd so‘mni tashkil etib, 31,3 mlrd so‘m xarajat qilinishi va yillik moliyaviy faoliyat 3,2 mlrd so‘m zarar bilan yakunlanishi prognoz qilingan. Xodimlarning o‘rtacha oyligi 1,2 mln so‘mni tashkil qilgan. 

Bundan tashqari, Markaz binosining rekonstruksiyasiga byudjetdan 5,9 mlrd so‘m moliyalashtirilgan.

“Agar, 15,3 mlrd so‘m mablag‘ talon-toroj qilinmasdan, muassasaga kirim qilinganida hamda Markazda o‘tkazilgan xronometrajda qo‘shimcha aniqlangan kunlik 25 mln so‘m tushum to‘liq hisobga olinganda, Markaz byudjeti 22,6 mlrd so‘mga ortib, 50,6 mlrd so‘mga yetgan bo‘lar edi.

Bu esa, xodimlar oyligini 5 baravar oshirib, o‘rtacha 6 mln so‘mga yetkazish, Markaz binosining 5,9 mlrd so‘mlik rekonstruksiyasini o‘z hisobidan amalga oshirish hamda yilni 9 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlash imkonini berar edi”, deydi Bosh prokuror.

Ma’lumot o‘rnida, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida 92 ta shtat birligida 152 nafar shifokor va 162 ta shtat birligida 219 nafar hamshira ishlab kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

1910

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing