“Bek To‘pi” bozori sobiq rahbari hibsxonada vafot etdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 30 mart “Bek To‘pi” bozori sobiq rahbari 57 yashar Shukrillaxon Ergashev tergov izolyatorida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, 30 mart kuni soat taxminan 12:20 larda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JIEBBga qarashli 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 06.02.2019 yildan boshlab hibsxonaning Davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limida “Yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya-2, AG-2, qandli diabet kasalligi 2-darajasi” tashxisi bilan davolanayotgan maxbus Shukrillaxon Ergashev “O‘tkir miokard infarkt, O‘tkir yurak qon tomir va o‘pka yetishmovchiligi” tashxisi bilan vafot etgan.

Mahbus Shukrillaxon Ergashevning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ushbu holat bo‘yicha Qamoqqa olinganlarni saqlash va jazoni ijro etish joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil avgust oylarida Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar Savdo departamenti, xizmatlar ko‘rsatish va xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarish sohasidagi korxonlar va “Bek to‘pi savdo kompleksi”, “Chorsu buyum savdo kompleksi”, “Chilonzor buyum savdo kompleksi”, “O‘rikzor savdo kompleksi” AJ bozorlari, “Eski Juva dehqon bozori”, “Yunusobod dehqon bozori” va “Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori” dehqon bozorlari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan edi. 

Ta’kidlash joizki, jinoyat ishi iqtisodiyot asoslariga qarshi qator jinoyatlar sodir etgan yettita bozorning rahbarlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan.
 
Ularga nisbatan quyidagi ayblovlar ilgari surilgan:
 
– sifatsiz mahsulotlar xarid qilish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazish;
 
– bozorlar hududida pullik xizmatlar ko‘rsatish natijasida kelib tushgan 3 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larini inkassatsiya qilmaslik orqali o‘zlashtirish;
 
– hisobga olinmagan va noqonuniy qurilmalar (omborxonalar va yengil tuzilmalar) faoliyatidan kelib tushgan 2 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘zlashtirish;
 
– savdo nuqtalari faoliyatidan kelib tushgan 1 mlrd. so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini ijara to‘lovlarini topshirmaslik orqali talon-toroj qilish;
 
– savdo nuqtalarini realizatsiya qilish natijasida tadbirkorlardan 2 dan 5 ming AQSH dollari miqdorigacha noqonuniy pul mukofotlarini olish.
 
Mazkur holatlar yuzasidan Savdo departamenti va bozorlarning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
 
“Yunusobod dehqon bozori” AJ rahbarlari O.Mustayev va B.Yusupovlar tomonidan yetkazilgan 800 mln. sum atrofidagi zarar, shuningdek “Toshkent oziq-ovqat zaxira” DUK direktori R.Rasulov tomonidan yetkazilgan 3,9 mlrd. sum atrofidagi zararning to‘langanligini inobatga olgan holda ularga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasiga o‘zgartirildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made