Mirziyoyev aholining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish bo‘yicha qaror qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 iyul kuni “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

So‘nggi yillarda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini kompleks rivojlantirish hamda energiya resurslariga tobora oshib borayotgan ehtiyojni ta’minlashning muhim omili bo‘lgan energiya manbalarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlanmasligiga, neft-gaz tarmog‘i korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

Jumladan, so‘nggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foizga oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foizga pasaydi, 2008-2018yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqardi, o‘tgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 70 foizga yaqin hajmni tashkil etdi.

2017-2018 yillarda moliyaviy mablag‘larning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.

Tartibga solish funksiyalari va tijorat faoliyatini o‘zida birlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof bo‘lmagan tizimi neft-gaz tarmog‘i korxonalarida zamonaviy menejmentni joriy etishga, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, neft-gaz tarmog‘i korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishni ta’minlash, qabul qilingan xalqaro amaliyot asosida sog‘lom raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni va ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:

1. Xalqaro konsalting kompaniyalari va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi(keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Respublika ishchi komissiyasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda:

a) amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin va bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin:

uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini ko‘paytirish;

gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish;

tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirish;

investitsiyaviy loyihalarni tanqidiy o‘rganish va maqbullashtirish, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish;

neft-gaz tarmog‘i korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va narx shakllanishini takomillashtirish;

b) O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi komissiyalar tarkibini tasdiqlasin;

v) tashkil qilinayotgan ishchi komissiyalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – XMI/XHMT) va konsalting kompaniyalarini jalb qilish choralarini ko‘rsin;

g) Energetika vazirligida boshqaruv xodimlari soni 20 shtat birlikdan oshmagan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, XMI/XHMT texnik ko‘maklashish mablag‘lari (grantlari) hisobidan moliyalashtiriladigan neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinishini ta’minlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligining Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida tayyorlangan va quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish bo‘yicha takliflariga rozilik berilsin:

“O‘zbekneftgaz” AJga “O‘zburg‘uneftgaz” AJ, “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ, “O‘zneftmahsulot” AJ, “O‘zneftgazmash” AJlarni qo‘shish, “O‘zbekneftgaz” AJ ijro etuvchi apparati tarkibida tugatilayotgan bo‘g‘inlarning vazifalari va funksiyalarini bajaruvchi tegishli bo‘linmalarni tashkil etish orqali tizim boshqaruvida ortiqcha bo‘g‘inlarni qisqartirish;

“O‘ztransgaz” AJni “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarish
va “O‘zbekneftgaz” AJning “O‘ztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) berish;
“O‘ztransgaz” AJning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy filiallari negizida “Hududgazta’minot” AJni tashkil qilish va Agentlikni uning aksiyadori etib belgilash.

4. Quyidagilarga:

a) “O‘ztransgaz” AJga:

tabiiy gazni keyinchalik yagona operator sifatida yetkazib berish, jumladan, eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shu jumladan, mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlar asosida faoliyat yurituvchi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan xarid qilish;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida magistral gaz quvuriga ulangan iste’molchilarga, shuningdek, “Hududgazta’minot” AJ bilan komissiya shartnomalari asosida gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni sotish;

b) “Hududgazta’minot” AJga:

gaz taqsimlash tarmoqlarini va tegishli uskunalarni xavfsiz ekspluatatsiya qoidalarining normativ talablariga rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilish;

suyultirilgan gazni xarid qilish, yetkazib berish, saqlash hamda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga sotish funksiyalari yuklansin.

5. Ishlab chiqarish bo‘linmalari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruv o‘rnatish maqsadida neft-gaz qazib chiqarish va gazni qayta ishlash tashkilotlari yuridik shaxs tashkil etmasdan, 2-ilovaga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJning tarkibiy bo‘linma (boshqarma, zavod)lari etib qayta tashkil qilinsin.

6. Ayrim tashkilotlar “O‘zbekneftgaz” AJga va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga qo‘shish yo‘li bilan 3-ilovaga muvofiq qayta tashkil etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Agentlik, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:

“O‘zneftmahsulot” AJ tasarrufidagi fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tadbirkorlik sub’ektlariga auksion savdolari orqali sotish hamda olis, yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashning muqobil tizimini joriy qilish;

gaz ta’minoti bo‘yicha viloyat, tumanlararo (shahar) filiallariga yoki ularning uchastkalariga biriktirilgan gaz ta’minoti ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish va iste’molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish;

“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan, shu jumladan, avval qabul qilingan hukumat qarorlariga muvofiq sotish ko‘zda tutilgan aktivlarini, sotuvga qo‘yilgan paytdan boshlab bir oy davomida talabgorlar bo‘lmagan taqdirda boshlang‘ich narxni qadam-baqadam pasaytirish yo‘li bilan sotish;

“O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning bozorlar, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlarini 4-ilovaga muvofiq mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berish;

“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning servis tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlarini 5-ilovaga muvofiq Agentlikka berish;

tabiiy gazni va suyuq uglevodorodlarni qazish, qayta ishlash, tashish, uzatish va sotishning barcha bosqichlarida resurslar hisobini yuritish bo‘yicha elektron uskunalarni qo‘llash orqali ularning alohida hisobi yuritilishini joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga uglevodorod xomashyosi yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni ko‘paytirishni ta’minlash maqsadida respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish bo‘yicha funksiyalarni berish.

8. Hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifa sifatida quyidagilar belgilansin:

a) “O‘zbekneftgaz” AJ uchun – 2024 yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 million tonnaga yetkazish, shu bilan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlarini to‘liq qondirishni, shuningdek, kompaniyaning daromadi ortishini, shu jumladan, quyidagilar hisobidan ta’minlash:

investitsiya kiritishning xorijiy amaliyotda keng tarqalgan shartlari va mexanizmlari asosida qazib olinishi qiyin bo‘lgan konlarda uglevodorod xomashyosini qazib olishga dunyoning yirik neft-gaz kompaniyalarini jalb qilish;

mustaqil xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda neft-gaz tarmog‘i korxonalarining operatsion samaradorligini oshirish va xarajatlarini maqbullashtirish, shuningdek, ularning qarz yuklamasini kamaytirish;

ishlab chiqilgan konlarda zamonaviy texnologiyalar asosida uglevodorod xomashyosi qazib olishning unumdorligini oshirish;

2020-2022 yillarda milliy neft-gaz tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha xalqaro tender savdolarida ishtirok etish uchun kamida 6 ta xorijiy neftservis tashkilotlarini jalb qilish;

xorijiy tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan, “Raqamli kon” konsepsiyasini amalga oshirish asosida ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;

xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda neft-gaz tarmog‘idagi investitsiya loyihalarini tanqidiy o‘rganish va mahalliy neft-gaz qazib oluvchi korxonalarning real moliyaviy imkoniyatlariga qarab maqbullashtirish;

b) “O‘ztransgaz” AJ uchun – shu jumladan, quyidagilar hisobiga gaz transport tizimining “zaif” jihatlarini bartaraf etish va uning tranzit salohiyatini rivojlantirish:

gaz quvurlari va kompressor stansiyalarini, shu jumladan, XMI/XHMT mablag‘larini jalb etish orqali qurish, rekonstruksiya qilish;

yer osti gazni saqlash stansiyalarida tabiiy gazni saqlash hajmlarini oshirish;

yuqori bosimli gaz taqsimlash punktlarida tabiiy gaz oqimlarining monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) hamda avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish;

v) “Hududgazta’minot” AJ uchun – tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazishda yo‘qotishlarni, shu jumladan, quyidagilar hisobiga kamaytirish:

faoliyat ko‘rsatayotgan gaz taqsimlash punktlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;

2022 yilga qadar Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi iste’molchilar uchun to‘liq joriy etish;

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, iste’molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun gaz ta’minoti ob’ektlarini xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish.

9. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

aksiyadorlik jamiyatlarining vazifalari va funksiyalarini batafsil bayon qilgan holda “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ ustav kapitallari shakllantirilishi va ta’sis hujjatlari tasdiqlanishini;

“O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ tashkiliy tuzilmalari va ijro etuvchi apparati tuzilmalari tasdiqlanishini, ularning boshqaruv organi shakllantirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:

a) Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil qilish bo‘yicha har bir tadbirning aniq amalga oshirish muddati va mas’ul shaxslar ko‘rsatilgan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin, bunda qayta tashkil qilinayotgan “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan o‘tkazish, korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllarini joriy qilish, ushbu aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolarni jalb qilish nazarda tutilsin;

b) Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik ko‘magida “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJdagi rahbarlik lavozimlariga neft-gaz tarmog‘idagi yirik xorijiy kompaniyalarda yoki xalqaro boshqaruv kompaniyalarida ishlash tajribasiga ega bo‘lgan menejerlarni jalb qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

v) 2019 yil 1 sentyabrga qadar Gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, iste’molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bajarish uchun gaz ta’minoti ob’ektlarini xususiy operatorlarga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin, bunda, shu jumladan, investorlarni tanlash, shartnomani tuzish va bekor qilish, shuningdek, vositachilik to‘lovlari miqdorini belgilash va to‘lash, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining boshqaruvga beriladigan hududda tabiiy gaz uchun to‘lovlarni yig‘ish bo‘yicha vazifalarini ularga berish tartibi va investorlarga qo‘yiladigan boshqa talablar ko‘zda tutilsin;

g) 2019 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalarining doimiy monitoringi, foydalanilayotgan konlar va quduqlar supervayzingini amalga oshirish uchun xalqaro muhandislik-maslahat kompaniyalarini jalb qilishni ko‘zda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin;

d) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga uglevodorod xomashyosining yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni ko‘paytirish maqsadida respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va unumdorligini oshirish bo‘yicha funksiyalarni berish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha amaldagi loyihalarni, xatlovdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha istiqbolli uchastkalar, investitsion bloklar va uglevodorod xomashyosi konlariga doir mavjud fond va boshqa materiallarni berish;

mavjud geofizik va burg‘ulash uskunalari, chuqur ilmtalab qiladigan texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar hamda zarur maxsus va avtotransport texnikasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni hisobga olib, 2020 yildan boshlab uglevodorod xomashyosi bo‘yicha olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘larini belgilash.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda hamda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik ko‘magida 2019 yil 1 noyabrga qadar qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish bo‘yicha asoslantirilgan ekspluatatsion, operatsion va investitsiyaviy xarajatlar to‘liq qoplanishini nazarda tutgan holda, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflarini belgilash uslubini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘ztransgaz”AJ:

a) 2019 yil yakunidan boshlab moliyaviy hisobotlar majburiy tartibda moliyaviy hisobot yuritishning xalqaro standartlariga muvofiq tuzilishini va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi audit o‘tkazilishini ta’minlasin;

b) 2020 yil yakunidan boshlab quyidagilarni:

Hisob va hisobot bo‘yicha xalqaro standartlar(ISAR)ning tamoyillari va talablariga muvofiq hisobot e’lon qilishning korporativ standartlarini joriy etish;

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qo‘llash hamda har chorakda faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha moliyaviy hisobot tuzish va e’lon qilish;

Global hisobot tashabbusi (GRI)ga muvofiq, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar bo‘yicha hisobot chop etish;

xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish;

savdolar, aktivlar rentabelligi, aktivlar va majburiyatlarning aylanishi darajasi hamda boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha xalqaro amaliyot asosida belgilanadigan minimal talablarni amaliyotga joriy etish;

Uglevodorod resurslarini boshqarish tizimi (PRMS) talablariga muvofiq uglevodorod va uning zaxiralarining hisobini olib borish, tasniflash va boshqarish xalqaro tizimini joriy etish;

xalqaro standartlarga muvofiq uglevodorod xomashyosi zaxiralarining auditini o‘tkazishni ta’minlasin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Agentlik bilan birgalikda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalari ko‘magida 2024 yildan kechiktirmasdan ustav kapitallarida davlat ulushini 51 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda saqlab qolgan holda, mahalliy va xalqaro fond bozorlarida aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish orqali “O‘zbekneftgaz”AJ va “O‘ztransgaz”AJga investorlar jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki:

“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning mazkur qarorning 4 va 5-ilovalarida ko‘rsatilgan ulushini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Agentlikka berish hamda “O‘zbekneftgaz” AJning “O‘ztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini Agentlikka berish davlatning “O‘zbekneftgaz” AJ ustav kapitallaridagi ulushini va “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z tarkibiga kiruvchi tashkilotlardagi ulushini kamaytirish hisobiga balans qiymatida amalga oshiriladi;

Agentlik huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi ixtiyorida qoladigan mablag‘lardan tashqari, mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan aktivlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar “O‘zbekneftgaz” AJning kredit va majburiyatlarini qoplash uchun maqsadli sarflangan holda, “O‘zbekneftgaz” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida yo‘naltiriladi;

mazkur qarorga muvofiq bir tashkilotdan boshqa tashkilotga, shu jumladan, ularning qayta tashkil etilishi va yopilishi paytida topshirilayotgan va olinayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, xususan, aksiyalar va ustav kapitallaridagi ulushlar qiymati barcha turdagi soliqlar bo‘yicha soliqqa tortish ob’ekti hisoblanmaydi;

“O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va ularning tashkilotlari qimmatli qog‘ozlar emissiyasi chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yig‘imlarini va topshirilayotgan avtotransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda avtotransport yig‘imlarini to‘lashdan ozod etiladi;

“O‘zbekneftgaz” AJ tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning qayta tashkil qilinishi natijasida ularga qarashli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga Agentlik va “O‘zbekneftgaz” AJning ega bo‘lishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi hisoblanmaydi;

“O‘zbekneftgaz” AJ “O‘zburg‘uneftgaz”, “O‘zneftgazqazibchiqarish”, “O‘zneftmahsulot” va “O‘zneftgazmash” aksiyadorlik jamiyatlarining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

“O‘ztransgaz” AJning amaldagi shartnomalari bo‘yicha huquq va majburiyatlar o‘zida saqlanib qoladi;

“O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi taqsimlash chegaralarida gaz hisoblash asboblarining ko‘rsatkichlari va texnik holatini nazorat qilish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi va “O‘zstandart” agentligi zimmasiga yuklatiladi.

14. Agentlik 2020 yil 1 aprelga qadar mazkur qarorning 5-ilovasida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ustav kapitalidagi ulushlarining sotuvga chiqarilishini ta’minlasin, bunda ular ommaviy sotuvga chiqarilgan kundan boshlab uch oy ichida sotilmagan taqdirda, ayrim hollarda kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra to‘lovlarni uch yildan besh yilgacha muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilsin.

15. 2020 yil 1 iyulga qadar quyidagilar:

respublika tashqarisiga “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimi bo‘yicha olib chiqib ketilgan uskunalar (gaz generatorlari, dvigatellar, kuch turbinalari va boshqalar) ularni qayta olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi “2017-2021 yillarda “O‘zbekneftgaz” AJ mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash bo‘yicha davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 3372-son qaroriga muvofiq “O‘zbekneftgaz ”AJ va uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan geologik qidiruv ishlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinsin.

16. Quyidagilarga:

gaz ta’minoti tashkilotlarining mulkiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 269-moddasi 1-bandida ko‘zda tutilgan yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha soliq imtiyozlari;

2021 yilning 1 yanvariga qadar muddatga “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqariladigan tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3953-son qaroriga ilovaning 9-bandi tatbiq etilsin.

17. Qazib olinishi qiyin zaxiralarga ega ishlanayotgan konlarni tanlovlar o‘tkazish orqali, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlaridan qaytarish sharti bilan, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xomashyosi qazib olish bo‘yicha yuqori texnologiyali xizmatlar ko‘rsatish sohasida tajribaga ega bo‘lgan kompaniyalar boshqaruviga topshirish amaliyotga joriy etilsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir hafta muddatda taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar tuzish asosida uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun xususiy investorlar jalb etiladigan Neft va gaz konlari ro‘yxatini tasdiqlasin;

b) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida energiya samaradorligini oshirish dasturini qabul qilsin:

quyosh panellari va suv isitkichlar, shuningdek, iste’molchilar uchun energiya samarador qozonlar o‘rnatishni, shu jumladan, ularni xarid qilish xarajatlarini qisman subsidiyalash yo‘li bilan rag‘batlantirish;

byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasini shakllantirish manbalarini kengaytirish;

nostandart gaz gorelka jihozlarini zamonaviy va energiya samarador gaz gorelka jihozlari bilan almashtirish;

iqtisodiyotning eng ko‘p energiya sarflovchi sohalarida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va energiya samaradorligi dasturlarini ishlab chiqish maqsadida majburiy ravishda energoaudit o‘tkazish.

19. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, yoqilg‘i-energetika korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan 2019-2021 yillarda yoqilg‘i-energetika tarmog‘i ehtiyojlari uchun o‘zlashtirishga tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, uskunalar, butlovchi mahsulotlar, ehtiyot qism va materiallar turlari, shuningdek, ularni ta’mirlash va modernizatsiyalash bo‘yicha ishlar va xizmatlarning ro‘yxati 6-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.

Belgilansinki, ushbu ro‘yxatga kiritilgan loyihalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4302-son qarorida ko‘zda tutilgan amalga oshirish mexanizmlari va qo‘llab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi.

20. Belgilansinki, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunidagi monitoring, nazorat, shaffoflik, samaradorlik va natijadorlik tahlilini ta’minlash borasidagi talablar strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishning alohida tartibi belgilangan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlarining barcha turlariga nisbatan tatbiq etiladi;

davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga qo‘yilgan talablarga muvofiq, davlat buyurtmachisiga o‘zining yoki yuqori turuvchi organning rasmiy veb-saytida davlat xaridlarining to‘liq tavsifini keltirgan holda, ularning natijalarini e’lon qilish majburiyati ham yuklanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi doimiy ravishda davlat xaridlari samaradorligi va natijadorligining masofaviy tahlilini, zarur hollarda joylarga chiqib olib boradi hamda maxsus davlat xaridlari axborot portali va o‘z rasmiy veb-saytlarida tahlil xulosalarini joylashtiradi;

yetkazib beruvchilarning ishtirok etishiga imkon berish maqsadida,
shu jumladan, import tovarlar, ishlar va xizmatlarni eng yaxshi takliflarni tanlab olish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bilan xarid qilish uchun kontraktlar tuzish avvaldan davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli ma’lumotlar joylashtirilgan va keyin saralash natijalari aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.
21. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda barcha davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha talablarni kuchaytirishni, nazorat qilishning aniq mexanizmlarini va unda jamoatchilikning faol ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning, shu jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Jahon bankining korrupsiyaga qarshi kurashish va har yilgi “Biznes yuritish” hisoboti borasidagi tavsiyalarini joriy etishni nazarda tutgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni:

2019 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi va “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlarining, shu jumladan, xorijiy investorlarga yer osti boyliklari maydonlarini taqdim etish bo‘yicha tanlov (auksion) savdolarini o‘tkazishning shaffof mexanizmlarini, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzishning shartlarini, xususan, qazib olingan uglevodorod xomashyosining O‘zbekiston Respublikasiga tegishli bo‘lgan qismini ichki bozorga yetkazib berish bo‘yicha talabni ko‘zda tutuvchi yangi tahrirdagi loyihalarini;

ikki oy muddatda xalqaro mutaxassis va ekspertlarni jalb etgan holda, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xomashyosini qazib olishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Neft-gaz tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3107-son qarorining 1–4, 7 va 8-bandlari hamda 1–16 ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 9 iyul


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident qarori

Baholaganlar

9

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made