SSV: Semizlikka qarshi qanday kurashmoq kerak?

Jamiyat

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 18 va undan yuqori yoshdagi 1,9 milliard kishi ortiqcha vaznga ega. Ularning 600 milliondan ortig‘i esa  semizlikdan aziyat chekmoqda. Shu bois, ortiqcha vazn bilan kasalanishning oldini olish, uni erta aniqlash va bemorlarni darddan forig‘ etish zamonaviy tibbiyot oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi  tomonidan butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy yil 11 may, shanba kuni sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlarning navbatdagi bosqichida ayni shu muammoga e’tibor qaratilib, “Oilaviy semizlikka yo‘l yo‘q”  shiori ostida 5 kilometr masofaga faol yurish va “Salomatlik startlari” tadbiri tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qilmoqda.

"Kamharakatlilik, kun davomida uzoq vaqt kompyuterda ishlash inson organizmida ortiqcha vazn bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur xastaliklarning oldini olish maqsadida har bir kishi kundalik ish faoliyatini jismoniy faollik bilan boshlashi, ya’ni toza havoda sayr qilishi, jismoniy mashqlar bilan band bo‘lishi va albatta  sog‘lom hamda to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qaratishi  lozim. Zero, toza havoda sayr qilish — mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi", deydi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova.  

Faol harakatlar tanadagi yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishiga yordam beradi. Shuningdek, jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz usuli hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishi mumkin.

Semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘ringa ega. Turli xil sabzovot va mevalarni iste’mol qilishga odatlanish ham oilalarda sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ba’zi hollarda muhim, ammo ko‘z ilg‘amas qoidalarga rioya etishimiz o‘zimiz hamda oila a’olarimizning salomatligini mustahkamlaydi. Misol uchun, har kuni nahorda 200 grammdan kam bo‘lmagan iliq suv iste’mol qilishni odatga aylantirsak salomatligimiz uchun koni foyda bo‘ladi. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalarning chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi o‘zlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tongda och qoringa ichilgan suv metabolizmni 25 foizga tezlashtiradi. Bu esa ortiqcha vaznga ega odam uchun kaloriyani faol sarflash natijasida ozishga yordam berishini anglatadi.

Qolaversa, osh tuzining kunlik tanavvul qilinadigan mahsulotlar tarkibidagi miqdorini 5 grammdan oshirmaslik ham turli bo‘g‘im kasalliklarining oldini oladi va ortiqcha vazn sabab kelib chiqadigan xastaliklarni bartaraf etadi.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing