O‘zbekistonda yaqin ikki yilda elektrotexnika sanoati uchun yarim mlrd dollar sarflanadi

Jamiyat

image

Ma’lumki, joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Kecha, 13 iyun kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Alisher Abdullayev ayni shu qarorning mazmun-mohiyati va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Hujjat asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilishiga yanada katta ahamiyat qaratiladi. Shu bilan birga, ishlar izchilligini ta’minlash uchun 2019-2020 yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. 2019-2021 yillarda elektrotexnika sanoatida 71ta loyiha amalga oshirilishi va mazkur loyihalar uchun 558,9 million dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan boshlab elektrotexnika korxonalari uchun bir qator imtiyozlar beriladi. Xususan, elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qo‘llanilishi, byudjet hisobidan quriladigan ob’ektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinishi, elektrotexnika korxonalarining eksport bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning muddati 180 kun, elektrotexnika korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari bo‘yicha to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar 2022 yil 1 yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyoji uchun xorijdan olib kelinadigan (mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan) xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar bo‘yicha bojxona bojlarini to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, 2019-2021 yillarda mahalliylashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar ro‘yxati ham tasdiqlangan. 2020-2030 yillarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi ham rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Elektrotexnika sanoati O'zeltexsanoat uyushmasi Alisher Abdullaev

Baholaganlar

6

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar