Koronavirus xavfiga ishonmaydigan Prezident mamlakatda karantin choralarni bekor qilmoqchi

Jamiyat

image

Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru kelgusi haftadan boshlab mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun mintaqaviy hokimiyat tomonidan qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanishini kutmoqda. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni TASS axborot agentligi ma’lum qildi.

“Biz hali ham Braziliyani qayta tiklay olamiz. Umid qilamanki, bu karantinning so‘nggi haftasi. Ko‘p odamlar uyda qololmaydi, chunki ularning muzlatgichlari bo‘sh“, deydi Braziliya rahbari.

Bolsonaru shuningdek, sababsiz ko‘chaga chiqqan odamlarni jazolash uchun qaror chiqarishni istamaganini aytdi. Uning fikricha, odamlar uyda ko‘p vaqt o‘tirolmaydilar.

“Men ushbu qaror chiqishiga ruxsat bermadim. Odamlar uyda o‘tirolmaydilar. Ular ishlashlari kerak. Biz ularga nisbatan bunday qila olmaymiz“, deya tushuntirdi davlat rahbari.

Bolsonaru bir necha bor koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq ravishda viloyat hokimiyati tomonidan qo‘llanilayotgan karantin choralarini tanqid qilgan. Davlat rahbari cheklovlar mamlakat iqtisodiyoti uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi, ommaviy tartibsizlik va ishsizlikning kuchayishiga olib keladi, deb ta’kidladi.

Biroq, gubernatorlarning aksariyati ushbu ehtiyot choralarini qoldirmaslikka qaror qildilar va prezidentning pozitsiyasiga zid ravishda o‘z viloyatlarida karantin muddatini uzaytirdilar. O‘tgan hafta Braziliya Federal Oliy sudi mahalliy hokimiyat idoralarining o‘z yurisdiksiyalarida karantin choralarini e’lon qilish huquqini tasdiqladi.

Shundan so‘ng Bolsonaru yana viloyat gubernatorlarining bu qarorlarini tanqid qildi. Uning fikricha, koronavirus oqibati haqidagi gap so‘zlar mish-mish.

“Virus qanday oqibatlarga olib kelishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Qo‘rquv va vahima avj oldi, ammo bu haqiqat emasligini ko‘rayapsiz. O‘lganlar uchun afsusdamiz, ammo bu hayot. Barcha odam bir kun kelib o‘ladi“, deydi Bolsonaru.

Ma’lumot uchun, Braziliyada birinchi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati joriy yilning 26 fevral kuni San-Pauluda tasdiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bir hafta ichida vafot etganlar soni ikki baravar ko‘paydi.

Eslatib o‘tamiz, Braziliya Prezidenti mamlakatda koronavirus bilan jiddiy kurashayotgan Sog‘liqni saqlash vazirini ishdan bo‘shatib yuborgandi. Bunga sabab, Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziri Mandetta va Prezident Jair Bolsonaru o‘rtasida koronavirus sabab kelishmovchilik chiqqani aytilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirus bilan bog‘liq 39 144 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 22 130 nafari sog‘aygan, 2 484 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 14 530 kishini tashkil qilmoqda.

 

Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Braziliyada

Baholaganlar

268

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made