Bugun Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisi bo‘ladi. Vakolatlari nimalardan iborat?

Tahlil

image

Bugun, 21 yanvar kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisi o‘tkazilishi belgilangan. Ularning vakolatlari nimalardan iborat va ularning faoliyati qaysi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi? Mazkur maqolada yuqoridagi savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Oliy Majlis quyi va yuqori palatadan iborat. Quyi palata Qonunchilik palatasi, yuqori palata esa Senat deb nomlanadi. Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida"gi, "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida"gi Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilab qo‘yilgan. Ularning birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarini hamda qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
  • O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining hokimiyat tarmoqlari tizimini hamda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining vakolatlarini belgilash;
  • O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
  • boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
  • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
  • tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qabul qilish hamda uning ijrosini nazorat qilish;
  • davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosarini saylash;
  • O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya va denonsatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • Parlament nazoratini va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Qonunchilik palatasida, so‘ng Senatda ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Qonunchilik palatasi Oliy Majlis qo'shma majlis

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing