Shayxontohur tumani DSI mansabdor shaxslari jinoiy ish figurantiga aylangan

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentning Toshkent shahar Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan tuman davlat soliq inspeksiyasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi xodimlari mansab vaolatini suiiste’mol qilishda ayblanyapti. Joriy yilning 25 mart kuni DSI mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Tergovga qadar surishtiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, DSI mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, Krono Style MCHJning soliq va boshqa qarzdorligi mavjud emasligini tasdiqlovchi taqdimnomani Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan.

Aslida esa, BDS Leasing MCHJ QK va Krono Style MCHJ o‘rtasida tuzilgan lizing shartnomasiga asosan Krono Style MCHJ tomonidan BDS Leasing MCHJ QKdan sotib olingan jami 1,1 mlrd so‘mlik mebel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar jamlanmasi uchun 321,6 mln so‘mlik mablag‘lar to‘lab berilib, Krono Style MCHJning BDS Leasing MCHJ QK oldida qolgan 848,3 mln so‘mlik lizing hamda byudjet oldida 59,4 mln so‘mlik soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan.

DSI kiritgan taqdimnoma sababli sud Krono Style MCHJga nisbatan ochilgan ishni yopgan. Bu orada Krono Style’ning o‘zi ham tugatilgan. Shu tariqa DSI mansabdor shaxslari BDS Leasing kompaniyasi va davlat manfaatlariga zarar yetishiga sababchi bo‘lgan.

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi Shayxontohur tumani DSIning barcha xodimlari birvarakayiga ishdan bo‘shatilganini tan olgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Shayxontohur soliq inspektsiyasi

Baholaganlar

56

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing