Kanadadagi eski maktabda 215 nafar bolaning jasadi topildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kanadadagi Amerikaning tub aholisi hindularni assimilyatsiya (biror elatni o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlaridan mahrum qilish) qilishga mo‘ljallangan maktab-internatda 215 nafar bolaning jasadi topildi. Bolalar 1978 yilda yopilgan Britaniya Kolumbiyasiga tegishli Kamlups nomli hindular maktabining o‘quvchilari bo‘lgan.

Jasad qoldiqlari maktabni o‘rganish paytida yerga kirib boruvchi radar yordamida topilgan. O‘lgan o‘quvchilarning orasida endigina 3 yoshga kirgan bolalar ham bor. O‘quvchilarning o‘limi haqida hech qanday rasmiy hujjatlar mavjud emas.

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bu holat yuzasidan fikr bildirib, “mamlakatimiz tarixining sharmandali “bob”ini og‘riqli eslatish” deya ta’rif berdi.

Kanadaning bunday maktab-internatlari XIX-XX asrlarda mahalliy yoshlarni majburan assimilyatsiya qilish maqsadida hukumat va diniy idoralar tomonidan boshqarilgan. O‘sha paytda bunday maktablar ko‘p bo‘lgani aytilmoqda. 1863 yildan 1998 yilgacha 150 mingdan ortiq mahalliy hindu bolalari oilalaridan olib ketilib, shunday maktablarga joylashtirilgan. Bolalarga o‘z tillarida gaplashish taqiqlangan. Ularga juda yomon muomalada bo‘lib, xo‘rlashardi. Maktab-internatlariga olib kelingan ko‘plab mahalliy bolalar hech qachon o‘z uylariga qaytmagan.

2008 yilda Kanada hukumati ushbu tizim uchun rasmiy ravishda kechirim so‘ragan. 2015 yilda e’lon qilingan “Haqiqat va yarashuv” nomli hisobotda bu siyosat “madaniy genotsid” ekani aytilgan. Bugungi kunga kelib bu turdagi maktab-internatlarida 4100 dan ziyod bola o‘qish paytida vafot etgani aniqlandi.

Hozirda mutaxassislar maktabdan topilgan bolalarning o‘lim sabablari va vaqtini aniqlash ustida ish olib bormoqdalar. Jasad egalarining shaxsi aniqlashtirilmoqda.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1249

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing