Qozog‘istondagi YTHda jarohatlangan o‘zbeklarning ahvoli qanday? – SSV rasmiy bayonot bilan chiqdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 20 aprel kuni soat 05:09 da Qozog‘istonning Jambil viloyati Korday tumanidagi “Chimkent- Olma-ota” trassasining 181 kilometrida avtobus ishtirokida yo‘l- transport hodisasi ro‘y berdi. Oqibatda avtobusdagi 49 nafar yo‘lovchidan 11 nafari halok bo‘ldi. Baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarning 3 nafari o‘zbekistonliklar. Qolaversa, avtobusdagi 13 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.  

Prezident Shavkat Mirziyoyevning jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish va yurtimizga olib kelish bo‘yicha bergan topshirig‘iga ko‘ra, xukumat komissiyasi  tuzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohatlangan o‘zbekistonliklar ushbu bortda vatanga olib kelindi. Aviabort bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham yetib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liq saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“Biz maxsus aviabort bilan yetib borganimizda qozog‘istonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi. Shifokorlar guruhi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o‘zida ular salomatligi qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. O‘zbekistonda bizni maxsus jihozlangan “Tez tibbiy yordam” avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi”, deydi Kozim Mahkamov. 

Jarohatlanganlar orasida qoraqalpog‘istonlik 34 yoshli Omirbek Xaytbayevning  jarohati ancha bo‘lgan. Agar unga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda  urinishlari natijasida Omirbek Haytbayevda murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, hozir bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Mamlakatga qaytarilgan O‘zbekiston fuqarolariga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari ko‘rsatilmoqda. Kecha, 20 aprel kuni soat 12:00  gacha ularning 2 nafariga murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lsa, ayni paytda  yana 3 nafar bemor operatsiya stoliga olingan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

YTH Jambil

Baholaganlar

48

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing