Nurobod tumani hokimligidan QALAMPIR.UZ'ga arava quruq olib qochilgan xat keldi

Jamiyat

O‘tgan oy QALAMPIR.UZ muxbiri Samarqand shahridan 130 km, tuman markazi Nurobod shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan Tim qishlog‘iga borib, XII asrda qurilgan “Oq masjid”ning bugungi ahvoli bilan tanishib qaytgandi. 

Saytimizda “18 ming odamga XII asrda qurilgan 70 kishilik xaroba masjid: dinga e’tibor shumi?” nomli maqola e’lon qilindi. Unda hududdagi 3 ta mahalla (“Nurafshon”, “Arabota”, “Bunyodkor” mahallalari)da jami 18 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotganiga qaramasdan, bor-yo‘g‘i bitta masjid borligi, u ham atigi 70 kishini sig‘dira olishi, kamiga tarixiy masjid, kun sayin nurab borayotgani, unga mutasaddilar tomonidan e’tibor yo‘qligi aytilgandi. 

Nurobod tumani hokimiyati QALAMPIR.UZ`da e’lon qilingan maqoladan so‘ng, masjidga borib o‘rganish o‘tkazdi va tahririyatga maktub yo‘lladi. 

“Masjid xamda mahalla faollarining ta’kidlashicha, ushbu masjid binosi mavjud namozxonlarning sig‘imi uchun yetarli bo‘lmokda. Darhaqiqat, bino bugungi kunda ta’mirtalab holatda. Ushbu bino Madaniy meros departamenti Samarkand viloyat xududiy boshqarmasi tasarrufida bo‘lgani bois uni ta’mirlash ishlari faqat mana shu tashkilot orqali amalga oshiriladi”, deyiladi maktub avvalida.

Maktubning boshini o‘qiboq, hayratda qoldik. Mutasaddilar masjidga uning bugungi ahvolini o‘rganish uchun borganmi yo aholini so‘roq qilib, “masjidga sig‘yapsizlarmi yo yo‘qmi”, deb “tergov” qilgani? 18 ming  aholi yashaydigan hududga 70 kishi sig‘adigan masjid kattalik ham qilayotgandir, balki. 

Maktubdagi keyingi vajni o‘qib, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldik. 

“Madaniy meros viloyat boshqarmasi tomonidan 2010 yil 10 iyun, 2016 yil 16 mart kunlari “Oq masjid” binosining holati o‘rganilib, uni ta’mirlash zarurati to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan hamda uning nusxalari tegishli idoralarga yuborilib, ushbu ob’ektni ta’mirlash uchun loyiha smetalarini tayyorlab berishlari so‘ralgan”.

Bu nima degani, odamlarni kalaka qilishmi? Birinchi o‘rganishning o‘tkazilganiga 9 yil, ikkinchisiga 3 yil to‘lgan. Lekin, smeta hamon tayyor emas. Borib o‘rganish o‘tkazishdan boshqa amaliy ish qilinmagan.

Navbatdagi jumlada ham quruq va’daga guvoh bo‘lasiz. Murojaat qilingan, so‘ralgan, loyihaga kiritilgan... 

“Bundan tashqari, “Oq masjid” binosi Madaniy meros viloyat boshqarmasi tomonidan 2017-2027 yillarga mo‘ljallangan manzilli ta’mirlash dasturiga kiritilgan va masjid binosini ta’mirlash uchun mablag‘ ajratilishini so‘rab, bir necha bor bosh boshqarmaga murojaat yuborilgan”.

Buni qarangki, maqolamiz mutasaddilarni biroz ovora qilib qo‘yibdi. Issiq kunda muzdek xonasini, yumshoq kreslosini tashlab, Tim qishlog‘iga borishibdi, “Oq masjid”ning hozirgi holati bilan tanishishibdi. Yana tanishuv, yana...

“Oq masjid” binosining hozirgi holatini o‘rganish maqsadida mutasaddilar joriy yilning 24 iyun kuni Tim qishlog‘ida bo‘ldilar. Ushbu masjid binosini ta’mirlash, obodonlashtirish va namozxonlar uchun qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy tahoratxona qurish borasida o‘zaro kelishib olindi”, deyiladi maktubda.

Iltimos, kelishib olmang, natija ko‘rsating, quring, ish boshlang, amalda isbotlang. Kelishib olindi, topshiriqlar berildi, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, loyihaga kiritiladi degan gaplardan timliklar ham, biz ham charchaganmiz! Axir bir masjid ustida necha marta o‘rganish o‘tkazish mumkin. Eng yomoni o‘rganishlardan keyin biror o‘zgarish bo‘lmasa... Qolaversa, OAVga arava quruq olib qochilgan javob xati yo‘llaguncha, muammolarni hal qilib, kamchiliklarni bartaraf etilsa, murojaatlar bo‘yicha tahririyatlarga maktub yo‘llash o‘rniga, aholi bilan hisoblashilsa, yaxshiroq bo‘lardi. 

Aytgancha, hokimbuva Timga borguncha mashinangiz nechta chuqurga tushdi?


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Nurobod tumani Oы masjid

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing