BP “Menman, Jaloliddin” filmi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vazirligi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva rahbarligida suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” seriali yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratur ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligida o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan.

Tergov jarayonida,“O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.

Aniqlanishicha, 2018 yil 22 iyunda “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda“Best organaizer” MCHJ o‘rtasida “Menman, Jaloliddin” nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln. so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish harajatlari byudjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda byudjetga qaytarilgan.

“Shuni alohida qayd etish joizki, tergov harakatlari davomida 2020 yil 03 oktyabr kuni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan “Mendirman, Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarni jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo‘q”, deyiladi xabarda.

Ayni masala yuzasidan "O‘zbekkino" Milliy agentlig ham o‘z munosabatini bildirdi va jinoyat ishi bu "“Mendirman Jaloliddin” serialiga aloqador emasligini ma’lum qildi.

"Jinoyat ishiga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning mutlaqo aloqasi yo‘q bo‘lib, tarqatilgan ma’lumotlar asossiz ekanligini ma’lum qilamiz", deydi agentlik.

Agentlikning ma’lum qilishicha, ushbu jinoyat ishi aynan “Mendirman Jaloliddin” filmiga nisbatan ochilgan emas.

"Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Agentlik OAV vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilaridan ushbu tekshirilmagan axborotni noo‘rin talqin qilmaslikni so‘raydi. Chunki bu tergov jarayonlariga bosim o‘tkazish yoki ta’sir ko‘rsatishga urinish, deya  baholanishi mumkin", deyladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, "Mendirman Jaloliddin" serialining birinchi qismining tantanali taqdimot marosimi joriy yilning 3 oktyabr kuni Toshkentdagi Kongress xollda bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura

Baholaganlar

1319

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made