Tergovchilar “Straus House” ta’sischisidan bir million dollar talab qilgan...mi? (video)

Tahlil

“Straus House” ishi: jabrlanuvchilar Mustaqillik maydoniga to‘plandi north_east

“Straus House” ishi: jabrlanuvchilar Mustaqillik maydoniga to‘plandi

Bugun, 27 fevral kuni bir necha oylardan beri jamoatchilik muhokamasida bo‘layotgan “Straus House” mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi. Unda QALAMPIR.UZ muxbiri ham hozir bo‘ldi. 

Sud majlisi avvalida taraflarga raislik qiluvchi va sud kotibi tanishtirildi. Ayblanuvchilarga huquq va majburiyatlar tushuntirildi. Ayblanuvchilar – “Straus House” MCHJ ta’sischisi Ibrohim Isroilov, “Straus House” MCHJ direktori A.Maxmutaliyev, “Straus House” MCHJ direktori o‘rinbosari D.Qutpiddinov va MCHJ bosh hisobchisi O.Saidovga davlat tomonidan ajratilgan advokatlar ham sud majlisida hozir ekani va foydalanish huquqi haqida tushuncha berildi.  

Ayblanuvchilar A.Maxmutaliyev, D.Qutpiddinov va O.Saidovlar ayblov xulosalarini olishmagani haqida aytishdi. Sudya bu holat haqida advokatlardan ham so‘radi. Himoyachilar tomonidan ham ma’qullanganidan so‘ng, sudya ushbu noqulaylik uchun qonun himoyachilari nomidan uzr so‘radi. 

Sud majlisi 2 mart, dushanba kuniga qadar qoldirildi.

Sud majlisi yakuniga yetganidan so‘ng, QALAMPIR.UZ muxbiri ayblanuvi – “Straus House” MCHJ ta’sischisi Ibrohim Isroilovdan intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi. “Straus House” MCHJ ta’sischisi tergovga unga nisbatan tazyiqlar bo‘lganini aytmoqda. U shunday deydi: 

ULARNI KIM O‘YLAYDI?

Tergovchilar meni 10 million so‘m zarar uchun qamab qo‘yishdi. Bu pul nima degan narsa? Pastda mashinadan ham olib chiqib berishadi bolalar. Men qamalgan bo‘lsam ham, kompaniyam ishlab turdi. Jo‘jalar berildi. Meni qamashsa, ofisga borib kompyuterdan tortib hamma xujjatlargacha olib chiqib ketishsa, biz qanday ishlaymiz? Tadbirkor bo‘lib turib, muttahamga chiqib turibman. 

Prezidentimiz ikki nafar odamni ish bilan ta’minlaganni qo‘lida ko‘tarishini aytgan. Bizning kompaniyada 100 nafar xodim ishlagan. Ular ishsiz qoldi. Biz bilan hamkorlikda bo‘lgan 700 nafar tadbirkorning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yo‘qolgan. 318 nafar odam jo‘ja olmagan. 400 nafari jo‘ja olgan-u, biroq boqayotgan jo‘jasini nima qilishni bilmaydi. Ularni kim o‘ylaydi?

TERGOVCHILAR PUL TALAB QILISHDI

8539 dona jo‘jaga pul to‘laganmiz. Qog‘ozda esa 4 mingdan ortiq jo‘jaga pul to‘laganimiz yo‘q bo‘lmoqda. Bunga yana soliq chiqyapti menga. 22 sentyabr kuni suddan ruxsat so‘ragan edim. 26 sentyabrgacha ruxsat so‘raganman. BAAdan bo‘lgan investorlar bilan uchrashgani borishim kerak edi. Oktyabr oyigacha hamma qarzlarni uza olardim. 21 sentyabr kuni sud kotibi chaqirib turibdi. Investorlar bilan suhbatda 20 million dollar ustida gap ketayotgan edi. Bu sud tugaganidan so‘ng, xursand bo‘ldim. Keyinroq tergov bo‘limidan kelib tiqib qo‘yishdi. 

Tergovchilar pul talab qilishdi. 1 million dollar talab qilishdi. Tergov bo‘limi boshlig‘i 1 million dollar talab qildi. Men korrupsiyaga qarshi ekanligimni aytdim. Tergov davomida direktor hisobimizda shuncha pul borligini aytgan. Tergovchilar mendan shuni talab qilishdi. Bu axir xalqning puli-ku. Qanday qilib ularga berib yuboraman? Xalq menga ishongan va ularning ishonchi menga mas’uliyat bergan, men buni doim his qilib kelganman. 

TEGISHLI JOYLARGA USTINGIZDAN ARZ QILAMAN...

Direktor, uning o‘rinbosari va hisobchi – ular oddiy ishchi, ularning hech biri bir so‘m pulni qoplay olmaydi. Bu yerda qoplaydigan odam faqat men. Lekin imkon bermasdan qamab yuborishdi. Men tegishli joylarga ustingizdan arz qilaman, dedim. Nega bizdan pul talab qilyapsizlar, nimaga tadbirkorning ishiga aralashyapsizlar, deb so‘ragandim, 10 million so‘m zararni aytib, qamab qo‘ydi.   

Mana, sudga keldik. Pulini berib bo‘lgan mijozlarimizni ham sanksiya qog‘oziga kiritgan. Buni men isbotlab bera olaman. Jo‘ja olib bo‘lganlarni ham sudda yozib ko‘rsatildi. Meni muttaham qilib ko‘rsatib, shuncha pulni yeb ketdi deyishyapti. 

TELEVIDENIEDA GAPIRISHGA MAJBURLASHDI

Men raislik qiluvchiga “500 ming dollarlik tuyaqushim turibdi. Bu yerda esa zarar 1 milliard 300 ekan. Qolaversa, chetga chiqarib qo‘ygan pullarim bor, meni qo‘yib yuboring, ushlab turganingiz bilan bilan foydasi yo‘q”, desam ushlab turishibdi. Biz chiqish, ehtiyot chorasini o‘zgartirish uchun qancha harakat qildik. Hisob raqamini bering, depozitdagi pullarni qo‘yamiz, chiqaring meni, “oborot” sinib ketmasin, xalq puliga kuymasin dedim. 

Ololmaganlar mayli, ammo jo‘jani olib, boqib, katta qilib bir million so‘mga ham sotolmayapti. Chunki, bu bozorga olib chiqib sotiladigan narsa emas. Buni maxsus shaklda eskportga yo‘naltirmasa, bankrot bo‘ladi. Bu ketishda davom etsa, bundan ham katta muammolar kelib chiqadi. 

Toshturmada ikki oy yotdim. Keyin tergovga chaqirishdi. “Hozir televideniyeni chaqiramiz, televizorga chiqib gapirasan, uzr so‘raysan, hammani aldadim, kelinglar, ariza yozinglar deb gapirasan”, deyishdi. Bu nima degan gap? Men hech kimni aldaganim yo‘q. Sizlar meni qamoqqa olmaganingizda, oktyabr oyigacha hamma pullardan uzilardim. Hozir chiqaring, 1,5-2 oyda hamma pullardan uzilaman, deb aytdim. Televizorda shu gapni aytaman, dedim. Keyin televizor masalasini to‘xtatib, shifoxonada insult bo‘lib yotgan onamni olib kelib, ko‘shz o‘ngimda azoblashdi. 

ODAM O‘LDIRGAN Yo HECH KIMNI ALDAGAN EMASMAN

Men bugun suddan ehtiyot chorasini o‘zgartirishlarini so‘ramoqchi edim. 1 oy-u 15 kun vaqt berishsin. Xalqdan hamma qarzimni uzaman. Kompaniyani yana tiklayman. Ishchilarimni yana ishga qaytarib, o‘zimiz yana davom etamiz. Men, tadbirkorman. Odam o‘ldirgan yo hech kimni aldagan emasman. Hujjatlarim bor. Men qamalgandan keyin jo‘jalarning pullari yo‘q bo‘lib ketdi. Imkoniyat berishsin, ehtiyot choralarini o‘zgartirishsin. Bu yerda hozir sal kam 1 million dollarning isi chiqyapti. Hozir qaytgan 2 milliard pul bor, yana 6 milliard pul yetmaydi. Agar ehtiyot chorasini o‘zgartirishmasa, qamalib ketaveraman. Menga bunday narsa kerak emas. Meni ham guldek oilam bor. Qizini 18-19 yil voyaga yetkazib, menga ishonib topshirgan insonlar bor. Qamalayotganimda 4 oylik kuyov edim. Ayolimni baxtli qilaman, ko‘zidan yosh oqmaydi deb uylanganman. Meni ko‘zimdan yosh oqmadi va ammo boshqalarning ko‘z yoshlariga sababchi bo‘lyapman. Menga tinchlik kerak, men va’damni bajaraman, menga vaqt berishsin. Pulini ololmaganlarga pulini qaytaraman. Undan keyin sotilgan jo‘jalarimni qayta sotib olaman. Bundan keyin ishla deyishsa, ishlayman, ishlamasa deyishsa, ishlamayman. O‘rtada va’dam bor. Birinchi navbatda pulini olmaganlarga qarzimni qaytaray, ikkinchi navbatda sotilgan jo‘jalarni qayta sotib olay”.  
Ta’kidlash joizki, bu so‘zlar ayblanuvchi sanalmish Ibrohim Isroilovga taalluqli va tahririyat aytilgan holatlarni haqiqat deyish fikridan yiroqdir. Xalq orasida bir naql bor: cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi. Haqiqat aslida qanday? Jabrlanuvchilarga zarar qoplab beriladimi? Bu og‘riqli masalalarga yakuniy va qonuniy hukmni odil sud beradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Straus House Ibrohim Isroilov Tergovchi

Baholaganlar

258

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing