Prezident chorvachilikka oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi va “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashini (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin hamda Respublika kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

chorvachilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash;

chorvachilikning barcha tarmoqlari va naslchilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilib borish hamda bu boradagi mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

chorvachilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining chorvachilik tarmoqlarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarini hamda chorvachilik bo‘yicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan axborotlarini muntazam tinglash;
chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mahsuldorlikni oshirish va ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

chorvachilik xo‘jaliklariga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati tahlil qilinishini tashkil etish hamda chorva bosh sonidan kelib chiqib, mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini nazorat qilish;

chorvachilikning barcha tarmoqlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, ilmiy-tadqiqot natijalari va innovatsion ishlanmalarni mahsulot ishlab chiqarish va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etish ishlarini yo‘lga qo‘yish;

chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sohasini rivojlantirish, jumladan, yangi quvvatlarni ishga tushirish va mahsulotlar turlarini kengaytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish;

kadrlarni tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) hisobidan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik bo‘yicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya yoki kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etish;

b) Jamg‘arma tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga ekvivalenti 20 milliard so‘mdan oshmaydigan xorijiy valyutadagi kreditlar uchun tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizigacha, lekin 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish.

Belgilab qo‘yilsinki, ushbu band talablari tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamg‘arma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklar va kompensatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining avval qabul qilingan hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan shartlariga tatbiq etilmaydi.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020-2022 yillarda:

a) chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so‘m miqdorida;

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;

b) “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

intensiv usulda yetishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun 1 million so‘m miqdorida;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

v) “Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 9 ming so‘mini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

4. 2020 yilda sotib olinadigan nasldor:

a) qoramollar uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi:

respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olish uchun 10 milliard so‘m miqdorida;

xorijiy davlatlardan import qilish uchun 40 milliard so‘m miqdorida;

b) qo‘y va echkilarni import qilish uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi 6 milliard so‘m miqdorida belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xo‘jalikilarga subsidiya berish xarajatlarini 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanishini ta’minlasin va 2021-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida tegishli mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

a) chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun mustaqil konsalting kompaniyalarini o‘rnatilgan tartibda jalb qilgan holda takliflar ishlab chiqsin va 2020 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritsin.

Bunda mustaqil konsalting kompaniyalarini jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan qoplansin;

b) Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda o‘n besh kun muddatda mazkur qarorning 3-bandida belgilangan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xo‘jaliklariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiya berish tartiblarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda subsidiya berish “O‘zbekchorvanasl” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasiga asoslangan holda 2020 yil 1 iyulga qadar 2021-2022 yillarda respublikada faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklari tomonidan sotiladigan va import qilinadigan nasldor qoramollar, qo‘y va echkilar hamda jo‘jalar sonidan kelib chiqib, ajratilishi kerak bo‘lgan subsidiya hisob-kitobini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda inobatga olish uchun Moliya vazirligiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda chorvachilik sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va chora-tadbirlarga Osiyo taraqqiyot bankining chorvachilikni rivojlantirish uchun 150,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari yo‘naltirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar sun’iy suv havzalarining hosildorligidan kelib chiqib, ushbu maydonlarga yer solig‘ining tabaqalashtirilgan stavkalarini qo‘llash bo‘yicha asoslangan takliflarini Moliya vazirligiga kiritsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kiritilgan takliflar asosida yer solig‘ining tabaqalashtirilgan stavkalarini qo‘llashni 2021 yil byudjeti loyihasini tayyorlashda inobatga olsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga biriktirilgan sun’iy va tabiiy suv havzalarining kadastr hujjatlarini “O‘zdaverloyiha” instituti bilan o‘zaro shartnoma asosida rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:

a) 2020 yilda yaylovlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5742-son Farmonida nazarda tutilgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish hisobidan ozuqabop ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun chorvachilik xo‘jaliklariga ajratib berilishini ta’minlasin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari ekin maydonining 10 foiziga beda ekilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Respublika kengashiga 2020 yil 1 mayga qadar axborot kiritsin.

12. Respublika kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan chorvachilik, shu jumladan, parrandachilik xo‘jaliklariga ozuqabop ekinlar ekish uchun chorva mollari va parranda bosh soniga mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini doimiy ravishda nazorat qilib borsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi xodimlarini jalb qilgan holda joylarda sut sog‘uvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandalarning yuqori mahsuldor zotlari va krosslarini urchitish bilan shug‘ullanuvchi go‘sht yo‘nalishidagi II tartibli reproduktor naslchilik parrandachilik korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “Uzbekistan Airways” AJning 2022 yil 1 yanvarga qadar “Parrandasanoat” uyushmasi tarkibidagi parrandachilik korxonalariga o‘zi ishlab chiqargan tuxum va go‘sht mahsulotlarini eksport qilishda, nasldor inkubatsion tuxum va nasldor bir kunlik jo‘jalarni, vaksina, veterinariya dori vositalarini import qilishda, istisno tariqasida, amaldagi havo transportida tashish tariflariga nisbatan 20 foizlik chegirma berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ozuqa ekin maydonlaridan kelib chiqqan holda 2020-2022 yillar uchun ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Toshkent viloyati hokimligi:

10 kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialiga o‘quv-tajriba uchastkasi uchun Yangiyo‘l tumani hududidan 30 gektar;

bir oy muddatda “O‘zbekchorvanasl” agentligi huzuridagi “O‘znaslchilik” davlat korxonasidagi nasldor buqalarni oziqlantirish uchun ozuqabop ekinlar ekishga Qibray, Yuqorichirchiq va O‘rtachirchiq tumanlari hududidan 80 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishini ta’minlasin.

17. “Parrandasanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Jomiy ko‘chasi, 5-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarda bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

18. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4005-son qarori 5-bandida belgilangan kompensatsiya berish tartibi lizing tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

20. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov – mazkur qarorda belgilangan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xo‘jaliklariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D.Vaxabov – chorva xo‘jaliklariga yer maydonlarini ajratishni ta’minlasin, mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin, har oyda ularning bajargan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.T.Norqobilov – chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari amalga oshirilishini hamda ajratilayotgan subsidiya mablag‘laridan samarali foydalanilishini ta’minlasin, chorvachilik xo‘jaliklariga mahsuldorlikni oshirishga ko‘maklashsin, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari – chorvachilikning barcha tarmoqlari, shu jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishida loyihalarni amalga oshiradigan tashabbuskorlarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatsin hamda qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratsin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsinlar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 29 yanvar.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev chorvachilik

Baholaganlar

62

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing