Prezident qarori bilan Samarqandda Rossiya universiteti filiali ochiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy iylning 8 may kuni “Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Prezident qarorining to‘liq matni bilan qo‘yida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining (keyingi o‘rinlarda – Universitet) Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filialini(keyingi o‘rinlarda – Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Filial faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida talabalarning chuqurlashtirilgan mustaqil tayyorgarligini hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni uyg‘unlashtirish;

oliy ta’lim tizimiga zamonaviy ta’lim texnologiyalariga asoslangan o‘quv jarayonlarini joriy qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-ta’lim muhitini rivojlantirishga ko‘maklashish;

nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarning o‘zaro bog‘liqligi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik asosida jismoniy tarbiya va sport sohasi kadrlarining professional tayyorgarligini oshirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;

xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Filial Universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi hamda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan ta’limning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Filialda ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi;

abituriyentlar qabuli va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

4. Universitet:

ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ilm-fan hamda oliy ta’limning eng yangi yutuqlari joriy qilinishi;

Filial mutaxassislari va professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

Filialning kutubxona fondini shakllantirish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan boyitishda ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. Belgilansinki:

a) Filial O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Universitet bilan kelishgan holda manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tegishli kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2019/2020 o‘quv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilaydi;

b) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

talabalarni davlat grantlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, biroq Filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro (xorijiy) moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

v) o‘qituvchilar malakasini oshirish, shuningdek, Filialni zarur mebel, inventar, kompyuter, tashkiliy texnika va sport inventarlari bilan ta’minlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

g) Filialda faoliyat yuritish uchun Universitetdan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning:

30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safarlari xarajatlariga oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilangan normalar bo‘yicha;

uzoq muddatli xizmat safarlari xarajatlariga tuzilgan shartnomalar asosida o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqib haq to‘lanadi.

6. Quyidagilar:

Samarqand shahar, Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi, 15-uy manzilida joylashgan Samarqand ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji bino, inshootlari va unga tutash hudud Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialiga;

Samarqand shahar, Ibn Sino ko‘chasi, 17a-uy manzilida joylashgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali bino, inshootlari hamda unga tutash hudud Samarqand viloyati Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabiga (keyingi o‘rinlarda – Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi) operativ boshqaruv huquqi bilan berilsin, keyinchalik ushbu joyda Filial bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Samarqand xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining o‘quvchilari o‘qishni tamomlagunlariga qadar Filial joylashtirilayotgan, Samarqand ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining o‘quvchilari esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialiga berilgan bino va inshootlarda o‘qishni davom ettiradi;

Filialga Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, shuningdek, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati va Sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari respublika bolalar-o‘smirlar sport maktabining sport inshootlaridan bepul foydalanish huquqi beriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Universitet bilan birgalikda:

bir oy muddatda Filialning ustavi va tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi, shuningdek, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

uch oy muddatda Filial tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

8. Filialga:

kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi istiqbolidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ta’limning bakalavriat bosqichi asosiy yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga;

professor-o‘qituvchi xodimlar, shuningdek, pedagogik va ilmiy ish olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslar mehnati, yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘lashga ruxsat berilsin.

9. Belgilansinki:

Filial ta’minoti uchun byudjet mablag‘lari 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mazkur sohaga xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi;

Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining Filialni joylashtirish uchun ajratiladigan bino va inshootlarini ta’mirlash-tiklash ishlari O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida kapital qo‘yilmalar limitlarini qayta taqsimlash hisobiga amalga oshiriladi.

10. Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” Filialning binolari va inshootlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar bo‘lgan muddatda Filialning bino va inshootlari kapital ta’mirlanishi va rekonstruksiya qilinishi, shuningdek, zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining Filialni joylashtirish uchun ajratiladigan bino va inshootlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida nazarda tutilgan kapital qo‘yilmalar limitlari doirasida mablag‘ ajratilishini ta’minlasin;

2020 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Filial talabalari va o‘qituvchilari yashashi uchun 400 o‘rinli turar joy qurilishi bo‘yicha loyiha belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.

12. Filialga ikkita avtotransport vositasi, shu jumladan, bitta xizmat avtomobili va bitta avtobusni saqlash uchun limit ajratilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yilda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida Filialning bino va inshootlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun kapital qo‘yilmalar limitining yetishmayotgan qismini ajratsin.

13. Filialni jihozlash va faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, sport inventari, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod etilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmanomalariga ko‘ra mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va boshqaruv xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Filialning buyurtmanomalariga ko‘ra Filialning xorijiy professor-o‘qituvchilari va boshqaruv xodimlariga, shuningdek, ularning oila a’zolariga davlat boji undirmagan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini hamda ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 8 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

5

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing