Ilk bor saudiyalik ayol kosmosga uchdi

Olam

image

Kecha, 21 may kuni bortida 4 nafar ekipaji bo‘lgan “Falcon 9” havo kemasi Floridadagi Kanaveral fazo markazidan Xalqaro kosmik stansiyasi (XKS)ga uchirildi. Ekipajda 2 nafar Saudiya Arabistoni fuqarosi bo‘lib, ularning biri ayol kishi bo‘lgan. Bu haqda “SpaceX” saytida xabar berildi.

Unga ko‘ra, Crew Dragon kosmik kemasi “Ozodlik” shiori bilan orbitaga uchirilgan. Raketa qo‘mondoni etib, NASA sobiq ayol astronavti Peggi Uitson tayinlangan. U bilan birga bortda biznesmen va poyga haydovchisi Jon Shofner hamda Saudiya Arabistonidan ikki kosmonavt Ali al-Karni va birinchi saudiyalik ayol fazogir Rayyona Barnaviy ham bor. Kosmonavtlar sakkiz kun davomida Xalqaro kosmik stansiyada qolib, u yerdagi doimiy ekipaji bilan birga 20 dan ortiq ilmiy va texnologik tajribalar o‘tkazadi.

Rayyona Barnaviy – biotibbiyot fanlari magistri bo‘lib, saraton va ildiz hujayralarini o‘rganishga ixtisoslashgan. Uning tarixdagi ikkinchi xususiy parvozga nomzodini Saudiya Arabistoni hukumati ilgari surgan. Barnaviyning so‘zlariga ko‘ra, u har doim bu haqda orzu qilgan. Hatto, 2014 yilda u parvozlar uchun maxsus tayyorgarlikni ham o‘tagan. 

“Mening orzuim amalga oshdi. Saudiya Arabistoni aholisi uchun o‘z mamlakatidan fazogirlarni birinchi marta kosmosga uchirilishi juda hayajonli. Bu imkonsiz narsa yo‘qligini isbotlaydi. Agar biz buni uddalasak, qolganlar ham buni qila oladi”, dedi Barnaviy.

Ma’lumot o‘rnida, bu SpaceX’ning Axiom missiyasi doirasida XKS ikkinchi tijorat parvozi hisoblanadi. Unga ko‘ra, Axiom-1 missiyasining har bir a’zosi parvoz uchun narxi 55 million dollarga baholangan.

Keltirilishicha, xususiy astronavtlarning birinchi parvozi 2022 yil aprel oyida amalga oshirilgan edi. 2023 yil oxirida Ax-3 nomli dasturning uchinchi missiyasi rejalashtirilgan bo‘lib, unda to‘rt kishilik ekipaj XKSda ikki hafta vaqt o‘tkazadi.

Kelajakda SpaceX Axiom dasturi orqali kosmik sayyohlar bilan parvozlarni yiliga ikki-uch marta amalga oshirishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro kosmik stansiyasi 1998 yilda koinotda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun tashkil etilgan. XKS ko‘p millatli laboratoriya bo‘lib, inson boshidan 248 mil, ya’ni 400 kilometr balandlikda orbitada joylashgan. Taxminlarga ko‘ra, u 2030-2031 yillarda orbitadan chiqariladi.

Sevara Azimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

NASA Falcon 9 kosmos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made