Odamlarimizda otning kallasidek yurak yo‘q, ular davlat bilan o‘ynashishdan qo‘rqadi – Kusherboyev

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 14 fevral kuni Surxondaryoning Oltinsoy tumanida aholi va IIB xodimlari orasida mojaro sodir bo‘ldi.  Janjal “Xalqobod” mahallasida yashovchi ayrim fuqarolarga tegishli mulklarning buzilishi ortidan kelib chiqqan. Rasmiylarga ko‘ra, aholi hududda noqonuniy ravishda uy-joy qurib olgan. Aholi esa hamma hujjatlar mavjudligini aytmoqda. Mazkur masala kecha, 17 fevral kuni “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Munosabat” tok-shousida muhokama qilingan. Unda Oliy Majlis Qonunchilimk palatasi deputati Rasul Kusherboyev ijro organining xatti-harakatlarini qoralagan. 

“Mas’ullarning o‘zlari qonunga amal qilib, o‘z ishini vijdonan bajarishga o‘tsa, xalq ham undan keyin o‘zini tartibga soladi. Qachonki, bizning mas’ullarimiz o‘zlari qonunga amal qilmasdan, hammaning ko‘z o‘ngida ochiqchasiga, har xil yo‘llar bilan, o‘z manfaati yo‘lida qonunlarning ba’zilariga amal qilib, ba’zilariga amal qilmay ishlaydigan bo‘lsa, xalq ham undan namuna oladi”, deydi deputat. 

Surxondaryolik fuqaro Donayeva o‘ziga tegishli mulkka tahdid bo‘lgandan buyon deputat Rasul Kusherboyevga bir yarim oy ichida bir necha bor murojaat qilgan. 

“O‘rganib chiqib, hayron qoldim. Qanday qilib davlatning nomidan lafz qilib,Yu buzilgan uyi o‘rniga “mana, senga qonuniy”, deb yer beryapti, hujjat qilib beryapti va o‘sha odam unga ishonib uy quryapti. Orada hokim yoki yangi prokuror kelib, “iya, sug‘oriladigan yerda ekan, endi buni ham buzasan”, deyapti. Qani ayting, endi u nima qilishi kerak? U chiqyapti, chirqirayapti. Oxiri bolta ko‘tarib chiqishga majbur bo‘ldi. Ayolni shunaqa ish qilishga nima yo kim majbur qildi? Mas’ullarning o‘zlari majbur qildi. Gap bu haqda ketmayapti-da, yo‘q bu sug‘oriladigan yerga uy qurgan deyilyapti”, deydi Kusherboyev. 

Deputatning qayd etishicha, sug‘oriladigan yer vaji bilan uylarni buzish to‘g‘ri emas. Boisi, Toshkent viloyatining deyarli barcha hududi sug‘oriladigan yerlar. Bunga to‘xtalarkan, deputat shunday deydi: 

“Men bir narsani tushunmayapman. Mana, Toshkent viloyatini olaylik. Qancha uy-joylarimiz sug‘oriladigan yerda qurilgan. Hozir hammamizning uy-joyimiz sug‘oriladigan yerga to‘g‘ri keladi. Chunki, Toshkent viloyatining hamma joyi sug‘oriladigan...”

Deputatga ko‘ra, mas’ullar, hokimliklar va prokurorlar mamlakatda qabul qilingan qonunlarga amal qilmaydi. Ular qonun qarordan ustun ekanini bilmaydi ham.

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilib qo‘yganmiz. Marhamat qilib, mas’ullar odamlarning foydasiga kelganda ham mana shu qonunlarga qarasin. Nimaga shunga amal qilmaydi? Men prokurordan siz nima uchun “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunga qaramasdan protest kirityapsiz, deb so‘radim. Axir fuqaroning hokimiyatning hujjatiga ishongani va uy qurgani uning aybi emas-ku. Nimaga qonunga qaramayapsizlar, desam bu sug‘oriladigan yer deydi. Qonun bor-ku bu yerda. “Yo‘q, bu yerda qaror bor”, deydi. Kechirib qo‘yasiz, qonun turgan paytda qaror undan past kuchga ega bo‘ladi. Qonun bilan biz muhofaza qilib qo‘yganmiz. 

Bunda bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak: bunday holatlar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Odamlarimizda otning kallasidek yurak yo‘q. Davlat bilan o‘ynashishdan qo‘rqadi. Shunchaki borib, yerni ololmaydi. U bir kunda uyni qurib qo‘yadimi? U yillar davomida quradi uyni. O‘sha yerdagi mas’ul nazoratchilar buni ko‘rib, bilib yuradi, lekin indamaydi yoki undan manfaatdor. Qachondir uning xizmatini qilib, pulini olib bo‘lgan. Shuning uchun indamayapti, ruxsatini berib qo‘ygan. Nima uchun shular ko‘tarilmaydi? Fuqaro qandaydir yashirin yo‘l bilan ham pulini to‘layapti, ham mulkini buzib tashlashyapti. Boshpanasidan ayrilgan odamning yo‘qotadigan yana nimasi qoladi? U keyin ko‘chaga chiqadi”, deb ta’kidladi Kusherboyev. 

Deputatning fikricha, mamlakatda “snos” bilan bog‘liq muammolar avjiga chiqqan. Unga bo‘layotgan asosiy murojaatlar ham aynan mulk huquqi bilan bog‘liq. Eng qizig‘i, buzish ishlari sudning qarorisiz amalga oshirilmoqda. 

“Agar bitta holat bo‘lganda, men ham indamasdim. Bugun ham yenga o‘z okrugimdan 10 kishi keldi. Hammasining qo‘lida kadastr hujjati bor. Hammasini buzasan, deb ogohlantirish berilgan. Qani bu yerda sudning qarori? Mas’ullarimiz sudning qaroridan keyingina buzish mumkin degan talabni esdan chiqarib qo‘ydimi? Nima uchun borib, senga bir-ikki kun muhlat, buzasan deyishga o‘tyapti? Bu nima degani? Nega ularning o‘zi qonunga amal qilmaydi?”, deydi deputat. 

Rasul Kusherboyev so‘zida davom etarkan, o‘ta og‘riqli masalani o‘rtaga tashladi. Uning qayd etishicha, mamlakatda fuqarolarning uy qurishi uchun doimiy ravishda yer ajratib kelinmagan. Fuqaro esa o‘z uyi qayerga qurilayotganini bilmagan ham. 

“Oltinsoy yoki Saraosiyo bo‘ladimi, Toshkent viloyati bo‘ladimi, fuqarolarga shu paytgacha qonuniy va bepul yo‘l bilan, hech qanday pora so‘ramasdan, sug‘orilmaydigan yerlardan mana bu yerda qurilish qilish mumkin deb doimiy yer ajratib kelinganda edi, fuqarolar bunday yashirin ishlar bilan shug‘ullanmas edi”.

Kusherboyev mahalliy hokimliklar yaqin 10 yil ichida aholini uy-joy uchun sug‘orilmaydigan yerlar bilan ta’minlamaganini, yer so‘rab murojaat qilgan kishi rad javobini olishini aytadi. Holbuki, davlat loyihasi asosida qurilgan namunaviy uylar ham sug‘orilgan yerlarga qurilgani, biroq bunga kelganda, ko‘z yumilishini qo‘shimcha qiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

304

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made