“Hyundai Motor Uz Namangan” qo‘shma korxonasi qurilishi boshlandi

Jamiyat

image

Namangan shahrida O‘zbekiston – Koreya qushma korxonasi qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda “Evergreen Motors Group” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Keon boshchiligidagi bir qator Koreys kompaniyalari rahbar va mutaxassislari, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, mazkur qo‘shma korxonaga asos solinishida O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar hamkorlik aloqalari yangi ko‘lamli bosqichga ko‘tarilgani o‘z ifodasini topadi.

“Jumladan, bu loyiha Namangan viloyati va Koreya Respublikasi hamkorligida kelgusida amalga oshiriladigan katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik ko‘plab yirik loyihalarning debochasi bo‘lib qoladi. “Hyundai Motor Uz Namangan” qo‘shma korxonasining ishga tushirilishi viloyat va mamlakatimiz avtomobilsozligida yangi sahifa ochadi va hudud iqtisodiyotining mustahkamlanishi, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, dedi Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov.

To‘raqo‘rg‘on tumanining Yettikon dahasida Koreyaning “Evergreen Motors Group” “Hyundai Motor company” kompaniyalari hamkorligida 103 gektar maydonda barpo etiladigan zavodda “Hyundai” rusumli tijorat yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqariladi. Zavod qurilishi uchun 2019-2021 yillarda 200 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi va shu yillar oralig‘ida 4 mingta turli xil yuk avtomobili ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, to‘rt yil mobaynida ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 45 foizga yetkaziladi.

“Shavkat Mirziyoyev tomonidan Prezidentlik faoliyatining avvalidayoq mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir 5 ta strategik yo‘nalish belgilangani va investitsiyalarni jalb qilish, eksportga qaratilgan ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini o‘z ichiga olgan dasturlar qabul qilinganligini yaxshi bilamiz. Mazkur loyiha ushbu uchta shartni o‘z ichiga olgan va ikki tomonlama manfaatli loyiha bo‘ladi”, dedi “Evergreen Motors Group” kompaniyasi prezidenti Kim Chang Keon.

Marosimda viloyat hokimi hamda “Evergreen Motors Group” kompaniyasi prezidenti tomonidan start tugmasi bosilib, ishtirokchilarning davomli qarsaklari ostida korxonaga asos solinishi sanasi va boshqa muhim ma’lumotlar solingan kapsula poydevorga tushirilib, bunyodkorlik ishiga ramziy kirishildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Janubiy Koreya

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing