Nimaga biz uyg‘onmasdan, kuzatuvchi bo‘lib turamiz – Norboyeva

Jamiyat

“Joylarda qatnashgan sessiyalarimizda men ayrim senatorlarimizning ko‘zidan ko‘rdimki, senatorlar bu narsalar (tahr.: yangi qonun va qarorlar)dan xabari ham yo‘q. Shu masalani xuddi birinchi marta bilayotgandek qarab turishdi menga. Deputatlarni-ku gapirmasam ham bo‘ladi”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva. 

O‘tgan hafta 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva deputatlar va senatorlarning faoliyatini tanqid qilib, mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bo‘yicha Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlardan bexabar ekanini ta’kidladi. Senat raisiga ko‘ra, senatorlar joylarga chiqib, muammolarni hal etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. 

“Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga bor kuchimiz, bor bilimimiz, obro‘-e’tiborimizning hammasini safarbar qilishimiz kerak. Men o‘ylaymanki, bunga sizning kuchingiz ham, salohiyatingiz ham yetadi. 

Men senatorlardan iltimos qilar edim: davlat miqyosida hududingizga oid qabul qilingan har bir hujjatni ichiga kirib, tushunib, nima amalga oshirilayotganini so‘rab, nimalar bo‘layotgani bilan qiziqishingizni so‘raymiz. Chunki davlat rahbari topshiriq bergandan keyin bu masalalar bilan biz borib shug‘ullanishimiz emas, balki siz o‘zingiz har kuni bajarishingiz mumkin. 

Mavjud muammolarni joyida bartaraf qilish bo‘yicha kengash sessiyalarini o‘tkazib, mutasaddi, o‘sha yerdagi idoralar rahbarlarini javobgarlikka chaqirishingiz mumkin va talab qilishingiz lozim. Agar masala respublika darajasida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lsa, bizni xabardor qilishingiz kerak. Biz respublika idora va tashkilotlarining rahbarlarini u yerga olib  borib, masalani joyida hal etish imkoniyatiga ham egamiz. Mana shu mexanizmdan biz umuman foydalanmayotganimizning guvohi bo‘ldim”, deydi Norboyeva.

U so‘zida davom etarkan, senatorlarning xo‘jako‘rsinga topshirayotgan hisobotlarini qoraladi. Bundan buyon bunday hisobotlar qabul qilinmasligini aytdi: 

“Hammangiz bir qo‘mitaning a’zosisiz. Hammangiz qo‘mitalarga u ishni qildik, bu ishni qildik, deb hisobot berasiz. Yoki yalpi majlislardan oldin hisobot berasiz. Hisobotlaringizda mana shunday masalalar aks etsa, juda to‘g‘ri bo‘lardi. Aniq masalaga aniq javoblar bo‘lishi kerak. Umumiy gaplarni gapirib, uni qildik, buni qildik degan hisobotlar ketmaydi endi. Har bir hududning o‘ziga hos masalasi, o‘ziga hos muammolari bor. Shuning uchun bundan keyin boshqacha ishlashimiz kerak”. 

O‘tgan safargi Senatning yalpi majlislarida QALAMPIR.UZ muhim qonunlarni qabul qilish jarayonida ayrim senatorlarning uxlab o‘tirganini kameraga muhrlab, taqdim etgan edi. Norboyeva o‘z nutqida uyg‘onish kerakligini aytadi:

“Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalarini Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha qo‘mitamiz nazoratga olishi kerak. Chunki biz buning qattiq nazoratini qilib, har bir masalani hal bo‘lmagunicha qo‘ymaymiz endi. Dalvat rahbarining olib borayotgan juda katta siyosatiga biz yelkadosh va ko‘makdosh bo‘lib aniq ishlar bilan yordam bermas ekanmiz, unda ishlohotlar yurishmaydi. Agar jamoatchilik, senator va deputatlar bunga bosh-qosh bo‘lmasa, bitta odam, bitta yo ikkita tashkilot hech narsa qilolmaydi. Birgina tadbirkorlik va kichik biznes masalasida davlat rahbari necha marta yig‘ilish o‘tkazdilar. Yana hammamizni uyg‘otib, qaranglar dedilar. Nimaga biz uyg‘onmasdan, kuzatuvchi bo‘lib turamiz. Shuning uchun men hammangizni yana bir bor mas’uliyatli bo‘lishga chaqirmoqchi edim”. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat

Baholaganlar

23

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing