Poraxo‘r hokim o‘rinbosariga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat

image

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudida Xiva shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shonazar Otajonov va tuman Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi mutaxassisi Muhammadjon Iskandarovga nisbatan hukm o‘qildi. Hukmga ko‘ra, ikki amaldor poraxo‘rlik va firibgarlikda ayblanmoqda. 

Ularga Jinoyat kodeksining poraxo‘rlikka oid 210-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari bo‘yicha olib borilgan tergov ishini ushbu kodeksning firibgarlikka doir 168-moddasi 3-qismiga qayta malakalab, hukm chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot xizmati xabar bermoqda.  

Tergov idorasi tomonidan Sh.Otajonov va M.Iskandarovga nisbatan qo‘yilgan poraxo‘rlik aybi aynan shunday qo‘sha jazoni taqozo etdi. Sud tomonidan qilmishga yetaklagan holatlar va uning ob’ektiv va sub’ektiv taraflari, sudlanuvchilar ustidan to‘plangan hujjatlar, dalillar, faktlar sinchiklab o‘rganilgan. Pirovardida Xiva shahrida uyushtirilishi ko‘zda tutilgan bir “homiylik” tadbiri ro‘y bergan mash’um ko‘ngilsizlikka “masalliq” bo‘lgani ro‘y-rost ayon bo‘lgan. Voqealar rivoji esa, fuqaro X.Rajabovning xususiy choyxona, yana bir fuqaro Z.Otajonovning oilaviy korxona va omborxona qurilishi uchun yer maydoni ajratish haqidagi arizalariga borib taqalgan. 

Xiva shahar hokimining X.Rajabov nomiga milliy uslubdagi choyxona qurilishi uchun yer maydoni ajratish yuzasidan 2018 yil 13 iyul kuni chiqargan qarori vaqt oktyabr oyiga yetsa-da, ijro harakati naryoqda tursin, hatto, rasmiy hujjat maqomini ham olmadi. Mutasaddi Z.Otajonov va M.Iskandarovlar esa, uni taomilga ko‘ra, tasdiqlash uchun viloyat hokimligiga yuborib, zimmadagi burchni halollik bilan va sidqidildan ado etishga shoshilishmadi. Z.Otajonov nomiga xususiy korxona va omborxona qurish yuzasidan chiqarilgan qaror esa, viloyat hokimligi nari tursin, hatto, shahar hokimi devonxonasiga ham yetib bormadi.

...Muovin Sh.Otajonovning ko‘rsatmasi asosida ish tutgan kadastr idorasi xodimi har ikkala tadbirkorning ilinjini bajo keltirmaslik uchun turli bahonalar, vaj-korsonlarni ro‘kach qilardi. "Do‘ppi tor" kelgan mahalda esa, ikkovini ham hokim muoviniga yo‘llab, arzini shu kishiga aytish zarurligini uqdirdi. Muovin ham bahonani qoyillatdi. 

Bu holdan dastavval ikki tadbirkorning sabr kosasi to‘ldi. Ular Sh.Otajonov va M.Iskandarovdan muddao neligini so‘rashga jazm etishdi. 

Bunisi boshqa gap. Har ikki mutasaddi ulardan aynan shuni kutgandi. M.Iskandarov “yoshulli” Sh. Otajonovning shahardagi “Shayxlar” mahallasi guzari qurilishi uchun “homiylik yordami” uyushtirish yuzasidan bergan topshirig‘ini oqizmay-tomizmay ularga yetkazdi. “Mijozlar” rozi. Biroq kadastr idorasi xodimi so‘ragan 1 000 AQSH dollari yerda sochilib yotgan tuproqmidiki, hovuchlab yig‘ib olishsayu "yoshulli"ning ilkiga tutqazishsa?! Yo‘q, ikki tadbirkor "homiylik puli"ni topib “hojatbaror”lar qo‘¬liga tutqazishmadi, aksincha, buning o‘rniga yordam so‘rab, tegishli huquq tartibot idorasiga murojaat qilishdi. Va nihoyat, qin¬g‘irlikning qaltis yo‘li o‘tgan yilning 6 oktyabr kuni adog‘iga yetdi. 

Davlat kadastr idorasi mutaxassisi M.Iskandarov tadbirkor X.Rajabov va Z.Otajonovlarning har biridan 1 000 dollar miqdoridagi xorij pulini sanab olgan paytda ushlandi. U hozirgina sodir bo‘lgan qilmishni xaspo‘shlashga ojiz qoldi. Asl muddaoga ko‘chib, pulni qo‘lga kiritgan zahotiyoq Sh.Otajonovga yetkazishi zarurligini ma’lum qildi. 

Amalda ham shunday bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari bunga imkon berishdi. Sh.Otajonovga voqea joyidan qo‘ng‘iroq qilgan “uddaburon” yordamchi so‘ralgan pul qo‘lida ekanligini bildirdi. Ba’zi kimsalarning jirkanch basharasini oshkor etgan 2 ming AQSH dollari oradan bir necha daqiqa o‘tmay hokim muovinining chap cho‘ntagidan joy oldi. Pul cho‘ntakdan joy olishga-ku, oldi, biroq tushgan joyida muqim qolmadi. Hokim muovini huzuriga hayallamay yetib kelgan tegishli idora xodimlarining talabiga binoan tushgan joyini tezda tark etdi. 

Voqealar rivoji shu nuqtaga kelganida hokim muovini ko‘zlagan yo‘l ham poyoniga yetdi. Jinoiy kirdikor bois qo‘lga tushgan Sh.Otajonov ehtiyot chorasi sifatida vaqtincha hibsga olindi. M.Iskandarov esa, muayyan miqdordagi garov evaziga ozodlikda qoldi.

Bu qilmishdan poraning qo‘lansa hidi anqidi. Ularni jirkanch kirdikor ustida qo‘lga tushirgan tergov organi ham ana shunday xulosaga keldi va sodir etilgan aybni Jinoyat kodeksining poraxo‘rlikka oid 210-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari bilan malakaladi. Biroq tez orada voqealar boshqacha tus oldi.

Gumonlanuvchi Sh.Otajonovning talabi asosida tergovga jalb qilingan yollanma usta J.Ro‘zimatov, “Shayxlar” mahallasi guzari qurilishida tom yopishni o‘z zimmasiga olgani, bu ish uchun 16 million so‘m so‘ragani, hokim muovini unga mash’um ko‘n¬gilsizlik sodir bo‘lgan kuni qo‘ng‘iroq qilib, so‘ragan pul qo‘liga kelib tushgani, uni hoziroq kelib, olib ketishni tayinlaganini aytdi.

Guvohning bu ko‘rsatmasini o‘sha kuni sodir bo‘lgan boshqa bir voqea ham tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi X.Rajabov va Z.Otajonovlar tomonidan topshirilgan 2 ming dollar miqdoridagi pulni o‘z xizmat xonasida M.Iskandarovdan qabul qilib olgan Sh.Otajonov hayallamay quruvchi-usta J.Ro‘zimatovga qo‘ng‘iroq qilib, kelishilgan pulni olib ketishini aytgan. Biroq oradan biron daqiqa o‘tmayoq jinoyat ustida qo‘lga tushgan. Bundan chiqdi, jabrlanuvchilarga tegishli xorij puli quruvchi-ustaning ish haqini qoplash maqsadida qo‘lga kiritilgan. 

Bu xatti-harakatdan gumondorlar foyda ham, manfaat ham ko‘rishmagan, pul pora sifatida cho‘ntakka kirmagan.

Ayblanuvchilar sudda ham, tergovda ham aybiga qisman iqrorlik bildirishdi, pul pora tariqasida emas, guzar qurilishi uchun homiylik yordamini uyushtirish niyatida o‘zlashtirilganini bayon etishdi.

Homiylik ko‘magi aslida olijanoblik sanaladi. Lekin himmatning bunday namunasini davlat idoralari va unga qarashli muassasalarga in’om etishning o‘z tartib-taomillari bor va uni birinchi galda mahalliy hokimlik mutasaddilari yaxshi bilishi, talab va taqozolariga esa, qat’iy rioya qilishi shart. Sud va tergovda ayblanuvchi maqomida ko‘rsatma bergan hokim o‘rinbosari qonunchiligimizning xayriya yordamini uyushtirishga doir qoidasidan boxabar emasligi, jinoyat shuning oqibatida sodir bo‘lganini ta’kidladi. Ammo qonunning ushbu talabini anglamagan shaxsning rahbarlikka qobilligini izohlashdan ojiz qoldi. Binobarin, mamlakatimizda rasm bo‘lgan tartib-qoidalar homiylik yordamini amalga oshirish yo‘l-yo‘riqlarini ham to‘la va aniq ifoda etadi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 avgustdagi “Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining xayriya eh-sonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”dagi qarorida uqtirilishicha, tadbirkorlik sub’ektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni qo¬nun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va beg‘araz tarzda ko‘rsatadilar, mablag‘lar byudjet tashkilotlari tomonidan qabul qilib olinadi va ulardan foydalanish ushbu muassasalar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Xayriya faoliyatiga va boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilish taqiqlanadi.

Afsuski, tafsiloti yuqo¬rida bayon etilgan pul undirish “operatsiyasi” qonunning ushbu talabiga mutlaqo xilof tarzda, jabrlanuvchilarni qiyin va murakkab sharoitga duchor etish orqali ixtiyoriylik va beg‘arazlik prinsiplarini toptagan holda amalga oshirilganidan dalolat berdi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu nomunosib harakatning boshida turgan Sh.Otajonov va M.Iskandarovlarga jismoniy va yuridik shaxslarning tadbikorlik faoliyati uchun yer maydonlari ajratib berish, shunday holatlar yuzasidan qaror chiqarish, uni viloyat hokimligi tasdig‘idan o‘tkazish vakolati berilmagan. Bu ishlar bilan hokimliklar qoshida faoliyat ko‘rsatadigan maxsus komissiya shug‘ullanadi. Hokim qarorlari ushbu komissiyaning xulosalari asosida qabul qilinadi va tasdiqlash uchun viloyat hokimligiga yuboriladi. Demak, masalaning uzil-kesil yechimini ta’minlash vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan qo‘lga kiritilgan mablag‘ni pora olishga qaratilgan harakat sifatida baholab bo‘lmaydi. Uqtirilganidek, uni firibgarlik sifatida baholash kerak.

Sud qonunchilikning ushbu talabiga binoan ish tutdi. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bo‘yicha Sh.Otajonov va M.Iskandarovga qo‘yilgan aybni olib tashladi va ushbu kodeksninng firibgarlikka oid 168-moddasi 3-qismiga “b”, “v” bandlariga qayta malakaladi. Sud yana bag‘rikenglik yo‘lini tanladi. 

Ushbu modda sanksiyasida nazarda tutilgan yengilroq turdagi jazo chorasini qo‘llashni maqsadga muvofiq hisobladi.

O‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon hibsda saqlanayotgan Sh.Otajonov sud jarayoni yakunida 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi. Ammo hibsda saqlangan 4 oy-u 15 kun inobatga olinib, axloq tuzatish jazosi uchun 1 yilu 10 oylik muddat qoldirildi. 

Ayblanuvchi sud zalidan ozodlikka chiqarildi. Ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni uning jinoiy sherigi M.Iskandarov ham o‘taydigan bo‘ldi. U 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. Bu kabi kirdikorlarni sodir qilgan shaxslar qonun talabiga ko‘ra ham, vijdon taqozosiga binoan ham ishonchga noloyiq hisoblanadilar. Sud masalaning bu jihatini ham nazarda tutdi. Ikkala mahkum bir xil: 2 yil muddatga davlat ulushiga ega korxona va tashkilotlarda mansabdorlik, moddiy javobgarlikka daxldor vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilindi. 

Qonunni vijdon oynasi, deyishadi. Nazarimizda, inson uchun vijdon azobidan ham ko‘ra, og‘irroq jazo yo‘q. Ikkala sudlanuvchi ham belgilangan jazo muddatini o‘taydi. Ammo vijdon kemtikligi — odamzod uchun bir umrlik azob, jazo. Qonunni degan, qonunni qo‘llaganlarning yo‘li mudom ravon, hamisha ravshan, oynaday shaffof. 

Buni anglamaslik o‘zini o‘zi choh tomoniga yetaklash bilan barobar. Biron jiddiy ishga jahd etishdan oldin aynan shuni mushohada etmoq darkor.
 

Ulug‘bek BEKTURDIEV, 
jinoyat ishlari bo‘yicha
Xorazm viloyati sudining sudyasi

 


Maqola muallifi

Teglar

pora

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing