Prezident Olmazordagi zamonaviy shifoxona bilan tanishdi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 iyun Olmazor tumanidagi “NANO Medical Clinic” ko‘p tarmoqli shifoxona faoliyati bilan tanishdi. 

Bu zamonaviy klinika mamlakatda xususiy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan tizim natijalaridan biri. O‘tgan yili dekabrda ishga tushirilgan terapevtik binoda maslahat poliklinikasi, 35 o‘rinli statsionar, yadro tibbiyoti, gemodializ va terapiya bo‘limlari, laboratoriya joylashgan. Ushbu kompleks chet el loyihasi asosida barpo etilgan.

Davlat rahbari bu qurilish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi. Har bir metr yerdan oqilona foydalanib, hamma jihatlar hisobga olingani, boshqa ob’ektlarni loyihalashtirishda buni o‘rganish kerakligini ta’kidladi.

Klinikada endokrinologiya, nevrologiya, kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, otorinolaringologiya, ultratovush tashxisi, terapiya, fizioterapiya bo‘yicha konservativ davolash yo‘lga qo‘yilgan. Shifo maskani raqamli rentgen, kompyuter tomografiyasi, suyak densitometri, yurak defibrillyatori kabi ilg‘or diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda 15 nafar oliy toifali shifokor faoliyat olib bormoqda. 

Muhim jihati, klinikada radionuklid tekshiruviga asoslangan yadro tibbiyoti va intervension radiologiya joriy qilingan. Bu turli endokrin va onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda katta samara beradi. Ushbu yo‘nalishlar Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) nazoratida tashkil etilgan. Bundan tashqari, Germaniya, Turkiya, Rossiyadagi yetakchi tibbiy markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Klinikada suyak to‘qimasining mineral zichligini aniqlashning diagnostik usuli ham muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.

Bugungi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida uch qavatli jarrohlik binosi qurilmoqda. Bu aholiga jahon standartlari darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatish va yana 60 ta yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

Shu yerda davlat rahbariga xususiy tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda o‘sha yil 29 dekabrdagi "Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida"gi qarorlari bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Olmazor tumani

Baholaganlar

136

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing