Prezident barcha shahar hokimlariga uch oy muhlat berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha shahar hokimlariga 3 oy muhlat berdi. Bu haqda yig‘ilishda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

Davlat rahbari yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning ichiga kirib borib, muammolarini o‘rganish, kasb-hunarga o‘rgatish, o‘qitish va shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishida yordam berish hokimlarning asosiy vazifasiga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu masala Yangiyer va Xatirchi tumanlari misolida muhokama qilinar ekan, davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga yuzlanib, hozirdanoq barcha shahar hokimlarining arizasini olishni, ularga uch oylik sinov muddati joriy etishni va yil oxiridagi natijasiga ko‘ra, baholashni buyurdi.  

“Bugungi masalani vaqtincha deb o‘ylagan rahbarlar xato qiladi. Buni tushunmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi. Qonunni ham, ijro organini ham o‘zgartiramiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbarining alohida urg‘ulashicha, mamlakatdagi 80 foiz hokimlar ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga qanday topshiriq berishni bilmaydi. Shu bois bu masala nazardan chetda qolib ketmoqda. 

Qolaversa, shahar va tumanlarda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlarining aksariyatini erkaklar tashkil etadi. Ular esa ayollar orasiga kirib bormayapti, ularning muammolari, tashvishlari bilan shug‘ullanmayapti. Natijada ayollar ovozi yo‘qolib bormoqda. Shu bois davlat rahbari tuman va shaharlar hokimlarining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga ayollarni tayinlash masalasini ham ilgari surdi. Bu o‘ringa erkaklarning tayinlanishini “xato” deya urg‘ulaydi Prezident. 

Yig‘ilishda hokimlar haftasiga bir kunni yoshlar va xotin-qizlar masalalariga ajratishi, o‘rinbosarlari bilan eshikma eshik yurib, yoshlar va ayollarning dardiga quloq tutishi, muammolariga yechim topishi kerakligi belgilandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

717

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing